Senatda AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi

    Joriy yil 5-sentyabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbaeva AQShning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Jonatan Xenik bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi ko‘p tomonlama aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganligi alohida ta’kidlandi.

    Muloqot davomida istiqbolda ham savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, ikki mamlakat ishbilarmonlari, ayniqsa, tadbirkor ayollar o‘rtasida doimiy aloqalarni yo‘lga quyish masalalari ko‘rib chiqildi.

    Uchrashuvda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, bu borada salmoqli ishlar olib borilayotgani e’tirof etildi.

    Shu bilan birga, O‘zbekistonda barqaror investitsiya muhitini yana-da yaxshilash, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonlari yuzasidan ham fikr almashildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.