Senatda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori bilan uchrashuv oʻtkazildi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva yurtimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori Jilber Ungbo bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Jilber Ungbo XMTning Oʻzbekiston bilan samarali hamkorligini yuqori baholadi va mamlakatni tashkilotning Maʼmuriy Kengashi aʼzoligiga saylangani bilan tabriklab, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli siyosiy irodasi va istagi tufayli mamlakat ulkan taraqqiyotga erishganini alohida eʼtirof etdi.

    Oʻzbekistonda munosib mehnat boʻyicha 2021–2025-yillarga moʻljallangan mamlakat dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar natijalari dunyoning koʻp davlatlari uchun namuna boʻlishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining 112-sessiyasida belgilangan vazifalar hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining ustuvor yoʻnalishlardan kelib chiqqan holda 2026–2030-yillar uchun Munosib mehnat dasturi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha fikr almashildi.

    Suhbat yakunida mehnat sohasida gender tafovutini kamaytirish va kamsitishga qarshi kurashish, imkoniyati cheklangan shaxslarning bandligini taʼminlash, ular uchun qulay va munosib sharoitlarni yaratish borasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.