Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyundagi farmonida berilgan topshiriqlar ijrosi tahlili hamda Qoʻmitaning joriy yil ikkinchi yarim yillikka moʻljallangan ish rejasi muhokamasi hamda ekspertlar gurhi tarkibi tasdiqlandi.

Mamlakatimizdagi oʻzgarish va yangilanish jarayonlari, olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar mazmun-mohiyatini xalqimizga toʻgʻri va toʻliq tushuntirish, milliy axborot makonini xolis va asosli maʼlumotlar bilan toʻyintirish zarurati axborot siyosati hamda ochiqlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarimizni yana-da faollashtirishni taqozo etmoqda.

Prezidentimizning “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bu boradagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qiladi.

Farmon bilan ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik darajasini yana-da oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Shu jihatdan Senatda yangi Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi tashkil etildi.

Qoʻmitaning asosiy yoʻnalishlari etib, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash sohasini muvofiqlashtirish va doimiy monitoring yuritish, axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashga oid qonun hujjatlari, davlat dasturlarining ijro etilishi ustidan tizimli parlament nazoratini amalga oshirish, shu jumladan, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining hisobot yoki axborotlarini eshitib borish belgilandi.

Unda Qoʻmita faoliyatini takomillashtirish va kelgusi ish rejalari muhokamasi, shuningdek, Qoʻmita tarkibida jamoatchilik asosida soha mutaxassislaridan tarkib topgan ekcpertlar guruhi shakllantirildi.

Ahamiyatlisi, uning aʼzolarining aksariyati mamlakatimizdagi yetakchi OAV vakillari, blogerlar, jurnalistlar va yuristlardan tashkil topgan.

Majlisda ekspert guruhi aʼzolarining vazifalari va faoliyatining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Endilikda ekspertlar qoʻmita bilan birgalikda axborot siyosati, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikni taʼminlash sohasida huquqiy boshqarish tizimining samaradorligini tahlil qilishda ilmiy-uslubiy va ekspert-tahliliy koʻmak koʻrsatish, uni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish, aholini qiziqtirgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, axborot siyosatidagi dolzarb muammolarga boʻlgan munosabatlari boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini Qoʻmitaga taqdim etadi.

Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab boʻlgan masalalar yuzasidan oʻz fikrini mustaqil bayon etish va uning yechimlari boʻyicha tavsiyalar beradi.

Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari yoki axborot xizmatlari rahbarlari (matbuot kotiblari) tegishlicha jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, rasmiy veb-saytlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan matbuot anjumanlari, brifinglar, media sayohatlar tashkil etish yoʻli bilan aholiga muntazam, toʻliq va tezkor ravishda shaxsan axborot taqdim etib borishi boʻyicha tahlilini olib borishga koʻmaklashadi.

Majlisda Qoʻmitaning 2021-yil ikkinchi yarim yillikka moʻljallangan ish rejasi tasdiqlandi.

Qoʻmita nazorat tahlil faoliyatini olib borish yoʻnalishida Oʻzbekistonning Internet tezligi boʻyicha xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash, shuningdek, davlat organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, tezkorligi shaffofligini taʼminlash, aholining Internet tarmoqlari orqali erkin axborot olish imkoniyatlarining holatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining axboroti eshitadi.

Shuningdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi tizimida hamda Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ijro etilishi holati oʻrganish bilan birga mazkur qonunni yangi tahrirda qabul qilishga takliflar ishlab chiqadi.

Koʻrilgan masalalar boʻyicha Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati