Unda Senat aʼzolari, manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, mutaxassislar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Majlisda Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilindi. Bevosita Qoʻmita tomonidan yalpi majlisga koʻtarib chiqiladigan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining faoliyati toʻgʻrisidagi axboroti, koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari shular jumlasidan.

Majlis davomida “Oʻzkimyosanoat” AJ boshqaruv raisining axboroti eshitildi. Taʼkidlanganidek, kompaniya investitsiyalarni jalb qilish, sanoat quvvatlarini modernizatsiyalash va ishlab chiqariladigan mahsulot nomenklaturalarini diversifikatsiya qilishda salmoqli natijalarga erisha oldi. Misol uchun, oʻtgan ikki yil mobaynida ishlab chiqariladigan mahsulotlar nomenklaturasi 170 dan 182 taga koʻpaydi, ishlab chiqariladigan mahsulotlar umumiy hajmi 6,3 trillion soʻmdan 10,8 trillion soʻmgacha oshdi, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va yangi quvvatlarni ishga tushirish uchun 1 milliard dollardan ortiq miqdorda investitsiyalar jalb etildi.

Shu bilan birga, senatorlar kompaniya faoliyatining samaradorligiga toʻsqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolarni ham aytib oʻtdilar. Xususan, ayrim korxonalarda uskunalar juda eskirgan, eskirish darajasi baʼzan 65 foizgacha yetadi, kompaniya korxonalarida ekologik va mehnat qonunchiligi buzilgan, qarz yuki yuqori va eksport salohiyatidan oxirigacha foydalanilmaydi.

Koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini muhokama qilish doirasida senatorlar soʻrovda koʻtarilgan ayrim savollarga toʻliq javob berilmaganligini taʼkidladi.

Bundan tashqari, ular ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish boʻyicha Turizm va sport vazirligi faoliyatini faollashtirishga qaratilgan bir qator topshiriqlarni Senat qarori loyihasiga kiritish, shuningdek, milliy turizm mahsulotini targʻib qilish va sanitariya-gigiyena xavfsizligi tizimini takomillashtirish boʻyicha marketing strategiyasini tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligini taʼkidladilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Majlis yakunlari boʻyicha qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi.