Taʼkidlanganidek, taraqqiyotmizning hozirgi bosqichida xotin-qizlar va gender tenglik masalasi nihoyatda dolzarb va bu davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Shu maʼnoda Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi zimmasidagi vazifalar koʻlami nihoyatda keng. Mazkur qoʻmitaga rahbarlik qilish kishidan katta bilim, hayotiy tajriba, mulohazakorlik, qatʼiyat, tashabbuskorlik va shijoatni talab qiladi.
Majlisda mazkur Qoʻmita raisligiga senator Malika Akbarovna Kadirxanova saylandi.
Malika Akbarovna 2015–2019-yillarda Toshkent viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari sifatida xotin-qizlar oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha koʻplab ijobiy natijalarga erishgan. Birgina misol, viloyatda tadbirkor ayollar 2015-yilda 300 nafarni tashkil etgan boʻlsa, Qadirxanovaning jonkuyarligi va tashabbuskorligi bilan 2019-yilda ularning soni 4 mingdan oshgan. Toshkent viloyatida “Nogiron tadbirkor ayollar” assotsiatsiyasi tashkil etilishi ham bevosita Malika Akbarovnaning saʼy-harakatlari natijasidir.
U 2018-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlangan.
M.Kadirxanova shu kunga qadar Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasida faoliyat yuritayotgan edi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati