Unda Senat qoʻmitalari raislari va OAV vakillari ishtirok etdi. Anjumanda yalpi majlisda koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan jurnalistlarga batafsil axborot berildi.
Qayd etilganidek, videokonferensaloqa tarzida oʻtkazilgan, Senatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali onlayn yoritilgan yalpi majlisda jami 20 ta masala koʻrib chiqildi.
Ularning 8 tasi xalq farovonligini taʼminlash hamda aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan qonunlardir. Bundan tashqari, Senat qoʻmitalari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar, Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish kabi bir qator muhim masalalar ham senatorlar muhokamasi markazida boʻldi.
Xalq deputatlari Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi deputatlar korpusini shakllantirish hamda ularning vakolatlarini kengaytirish orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish, madaniy meros obyektlari muhofazasini oshirish, fuqarolarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni kuchaytirish masalalari ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida qizgʻin muhokama qilindi.
Buxoro, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahrida olib borilgan oʻrganishlar mobaynida moddiy madaniy meros obyektlariga juda katta miqdorda zarar yetkazish holatlari aniqlanganligi haqida maʼlumot berilib, Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining 2020-2021-yillardagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti eshitilgani bildirildi.
Shuningdek, bugungi kunda Senat faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash masalalariga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida taʼkidlandi. Jumladan, yalpi majlis “Oʻzbekiston” va “Uzreport” telekanallari, Senatning ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarida toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi, yalpi majlisdagi muhokama jarayonlari esa milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan yoritildi.
Qizgʻin bahs-munozaralar va ochiq muloqot shaklida oʻtgan matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga toʻliq javob olish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.