Majlisda Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisini 2022-yil 3-fevral kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Navbatdagi yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.
Xususan, “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Favqulodda holat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartish kiritish haqida”gi va “Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar muhokama etiladi.
Shuningdek, “Fuqarolarning va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonunlar ham kun tartibiga kiritilgan.
Bundan tashqari, senatorlar “Xalqaro mehnat tashkilotining Qurilishda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi toʻgʻrisidagi 167-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1988-yil 20-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi va “MDH ishtirokchi-davlatlarining soxta tovar belgilari va geografik koʻrsatkichlardan foydalanishning oldini olish va unga chek qoʻyish boʻyicha hamkorligi toʻgʻrisidagi Bitimni (Minsk, 2021-yil 28-may) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunlarni koʻrib chiqdilar.
Yalpi majlisda 2017–2021-yillarga moʻljallagan Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti, Bosh vazir oʻrinbosari Sh.Gʻaniyevning qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish hamda shu maqsadda ajratilgan mablagʻlardan foydalanish samaradorligi toʻgʻrisidagi axboroti hamda adliya vazirining 2021-yilda davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati hamda huquqni qoʻllash amaliyotining holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, mamlakatimizda gaz ballonlari bilan jihozlangan avtotransport vositalarining xavfsizligini taʼminlash holati va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda Internet jahon axborot tarmogʻida yoshlar va voyaga yetmaganlar uchun milliy kontentni rivojlantirish, ularning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati va zararli axborotdan himoya qilish masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish masalalari ham muhokama qilinadi.
Senatorlar oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof muhit hamda aholi salomatligiga taʼsiri yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini ham koʻrib chiqadilar.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha komissiyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi masala yuzasidan Senat Raisi birinchi oʻrinbosarining maʼruzasi tinglanadi.
Yalpi majlis ikki kun davomida onlayn tarzda oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.