Yigʻilishda tumandan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga saylangan deputatlar, tuman kengashi deputatlari, hokim oʻrinbosarlari, sudlar hamda tegishli korxona va tashkilotlar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Tegishli masʼullar koʻrib chiqilgan qonunlarning mazmun-mohiyati boʻyicha soʻzga chiqishdi.

Oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisda 14 ta masala, shu jumladan 8 ta qonun koʻrib chiqilgan. Koʻrilgan qonunlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy taʼminlanishini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini har tomonlama taʼminlashga qaratilgan.

Senatning Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, senator Botir Matmuratov tumandagi fermer hoʻjaliklarida ham boʻlib, paxta mavsumida majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmaganligi, shuningdek terimchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. “Navoiy qayir”, “Durdiboyev Tajimurod” va “Zumrad Asadbek” fermer hoʻjaliklarida terimchilar bilan suhbatlashib, ularga sovgʻalar topshirdi.

Beruniy tumani boʻyicha 2021-yil uchun 10030 gektar yerga paxta ekilgan boʻlib, 30550 tonna paxta xom ashyosi olish rejalashtirilgan. Tumandagi 161 ta fermer hoʻjaliklari “Beruniy klaster” MCHJ bilan shartnoma tuzgan. Paxta yigʻim-terimi davrida terimchilar uchun tushlikda issiq ovqat va terim pullari dala boshida berib borilmoqda.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

Yangi Oʻzbekiston muxbiri