Kuni kecha forum doirasida xotin-qizlar Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurishdi. Yoshlar qonun ijodkorligi, Senat va uning aʼzolari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sogʻligʻini saqlash, kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasida tizimli islohotlar olib borilayotganligi taʼkidlandi.

Tadbirda qayd etilganidek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktyabr Xalqaro qizlar kuni sifatida keng miqyosda nishonlab kelinyapti. Bu sana butun dunyoda qizlarning yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bogʻliq holatlarni oʻrganish va tahlil etish imkonini ham beradi.

Shuningdek, Forumning maqsadi – “Qizlarjon” klublari faoliyatini tizimli tashkil etish, qizlarni ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shugʻullanishga jalb etish, ilmiy-tadqiqot natijalarini hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtidorli qizlarning ijodiy salohiyatini qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarlarga oʻqitish, ularning bandligini taʼminlash hamda ijtimoiy faolligini oshirishdan iborat.

Uchrashuvda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, maqsad va vazifalari, ustuvor yoʻnalishlari, shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya ahamiyati haqida soʻz yuritildi. Mazkur hujjatlar bugungi kunda mamlakatimizda huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini taʼminlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy kafolati ekanligi taʼkidlandi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarimizning taʼlim olishi, ularni har tomonlama yetuk insonlar, jamiyat tarbiyachilari boʻlib ulgʻayishlari uchun barcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilganligi yuzasidan fikrlar bildirildi.

Shu bilan birga, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya qilish mamlakatimizda davlat siyosati darajasiga koʻtarilgan. Xususan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglikni taʼminlash, ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarning bandligini taʼminlash orqali ularni himoya qilish, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan samarali muhofazalash, oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda bu borada qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Uchrashuv koʻtarinki ruhda oʻtib, talaba yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.