Koreya Respublikasi bilan Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining 30 yilligini nishonlash doirasida “Koreya Respublikasi — Markaziy Osiyo hamkorlik forumi” kotibiyati tomonidan Seul shahrida “Markaziy Osiyo haftaligi – 2022” ko'rgazma-yarmarkasi o'tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbir maydonida Janubiy Koreya va Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatilganining o'ttiz yilligiga bag'ishlangan instalyatsiya o'rnatildi. Markaziy Osiyo davlatlari san'atkorlari ishtirokida kontsert dasturi taqdim etildi.
Mamlakatimizning Seuldagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan O'zbekiston tarixi, boy madaniyati va sayyohlik salohiyatiga bag'ishlangan milliy stend ko'plab tashrif buyuruvchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Milliy stendda hunarmandchilik, zargarlik, yog'och o'ymakorligi, ipakchilik va boshqa xalq amaliy san'ati namunalari, O'zbekistonning tarixiy-madaniy va me'moriy merosi, shuningdek, turizm infratuzilmasini takomillashtirish bo'yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga oid videofil`mlar namoyish etildi. Tadbirda ishtirok etgan Janubiy koreyalik va xorijlik mehmonlar milliy taomlarimizdan tatib ko'rish, milliy cholg'u asboblarimizni chalish imkoniyatiga ega bo'ldi.
Rangli buklet va nashrlar orqali O'zbekistonning mashhur sayyohlik yo'nalishlari, YUNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand, Buxoro va Xivaning qadimiy me'moriy yodgorliklari, Samarqand shahrida bunyod etilgan “Buyuk ipak yo'li” xalqaro sayyohlik markazi haqida ma'lumotlar berildi.
Ko'rgazma mehmonlariga koreys va ingliz tillarida bukletlar va boshqa axborot materiallari, esdalik sovg'alari taqdim etildi.