Oʻzbekiston Qahramoni, xalq yozuvchisi Said Ahmadning rafiqasi. Bu juftlikning birgalikda bosib oʻtgan hayot yoʻli 27 yil davom etgan, aksariyat qismi esa ayriliq, hijron, tuhmat va azob-uqubatlar qurshovida kechgan. Albatta, bulutlar tarqalib, oila uzra quyosh nur sochgan kunlar ham bisyor boʻlgan. Saida opaning vafotidan keyin Said Ahmad yana 30 yil umr koʻrdi, ijod qildi. Natijada ularning hayoti muhabbat va sadoqat ramzi, sevgi dostoni oʻlaroq tarixga kirdi.
* * *
Said Ahmad xotiralaridan:
— Men Katta Fargʻona kanali qurilishi davrida yoshlar gazetasida muxbir boʻlib ishlardim. Bir kuni andijonlik yosh shoira Saida Zunnunova bilan uchrashib qoldik. U mendan bir nechta kitob soʻradi. Menda ular yoʻq edi, lekin doʻstimdan oldim va Saidaga berib yubordim. Kitoblar shu boʻyi unda qolib ketdi... Oradan bir qancha vaqt oʻtgach, uyimdagilar Saidaning yaqinlari bilan koʻrishishdi va toʻyimiz 1949-yilning 28-noyabr sanasiga belgilandi...
Biroq ularning baxti uzoqqa choʻzilmadi. Said Ahmadning eslashicha, juda ogʻir kunlarni boshdan kechirgan kezlari Saida opa koʻpincha bir gapni takrorlar edi: “Aftidan, men mashaqqatlarni koʻtarish uchun yaralganman...”. Hatto toʻyi kuni ham oqshom koʻylagini motam libosiga almashtirgan: 1949-yilning 28-noyabr kuni kelinning suyukli ukasi Nasibjon 17 yoshida vafot etadi. Onasi Sabohatxon aya qizining toʻyida davron surish oʻrniga oʻgʻlining dafn marosimini oʻtkazish uchun Andijonga qaytib ketadi.
* * *
Saida Zunnunova 1926-yili Andijon shahrida xizmatchi oilasida dunyoga keldi. Oʻrta maktabni bitirgach, Andijon pedagogika institutiga oʻqishga kirdi. Soʻng Oʻrta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetida oʻqidi. Turli vaqtlarda “Gulxan” jurnali, “Oʻzbekiston madaniyati” gazetasida adabiy xodim, Badiiy adabiyot nashriyotida muharrir hamda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi boʻlib ishladi.
Shoiraning ilk sheʼri 1945-yili Andijon viloyati “Paxta fronti” gazetasida bosilgan. “Qizingiz yozdi” nomli ilk sheʼrlar toʻplami esa talabalik yillarida nashr etilib, sheʼriyat muxlislari eʼtiborini qozondi. Shundan keyin uning “Yangi sheʼrlar”, “Gullar vodiysi”, “Qizlarjon”, “Sheʼrlar”, “Bir yil oʻylari”, “Nilufar” sheʼriy toʻplamlari eʼlon qilindi.
Shuningdek, u goʻzal lirik sheʼrlar bilan birga “Sodiq va Anor”, “Xayrixon”, “Surat bilan suhbat”, “Qoʻshnilarim” singari dostonlar ham bitdi. Saida Zunnunova bu asarlarida inson ruhiyatining nozik qirralari va tebranishlari, tuygʻu va kechinmalari, dardu hasrat va orzu-armonlarini mahorat bilan ifodalay oluvchi shoira sifatida shakllanganini namoyish etdi.
Saida Zunnunova oʻzbek xotin-qizlari hayotini oʻrganish, ular turmushidagi mashaqqatli jihatlar va murakkabliklarga jamoatchilik eʼtiborini jalb etish niyatida oila va muhabbat mavzusida bir qancha hikoya va qissalar yozdi. Uning “Gulbahor”, “Povest va hikoyalar”, “Gulxan”, “Doʻstlik”, “Qanot”, “Olov”, “Koʻchalar charogʻon”, “Boʻylaringdan oʻrgilay” singari nasriy kitoblarida xotin-qizlar hayoti haqqoniy badiiy tajassumini topdi. Ayniqsa, “Yangi direktor”, “Olov”, “Odamlar orasida” qissalarida Saida Zunnunova eskilik sarqitlarini fosh etish niqobi ostida sovet jamiyatidagi illatlarni keskin ochib tashladi. Uning “Ona” va “Koʻzlar” nomli pyesalari ham bor” deb yozgan edi akademik Naim Karimov.
* * *
Said Ahmad xotiralaridan:
— Saida ish stoli ustida biror narsa yozganini eslay olmayman. U bir qoʻli bilan qozonda ovqat pishirishi, boshqa qoʻlida sheʼr yozishi mumkin edi yoki bir qoʻlida beshik tebratib, tizzasiga daftar qoʻygancha yozardi va yozardi... Uyda bir emas, uchta yozuv stoli bor edi, u esa duch kelgan yerda yozib ketardi — deraza ostida yoki dazmol stolida. Baʼzi sheʼrlarini u oynoma muqovasida yozishni boshlagan va telefon daftarida davom ettirgan. Soʻng ularning barini toʻplab, ikki nusxada bosma moshinada terib chiqqan.
* * *
Adiblar xiyobonida Said Ahmad va Saida Zunnunovaga haykal oʻrnatilgan. Bu oddiy haykal emas. U metin iroda, sadoqat va vafo, buyuk muhabbatga qoʻyilgan timsoldir. Boshqacha aytganda, oʻtgan asrning oʻrtasida boshlangan sevgi va sadoqat dostonining davomi. Ikki ijodkor sevishib turmush qurgach, hech qancha vaqt birga yashamay, Said Ahmad “xalq dushmani” sifatida qamaladi.
Yozuvchi tutqunlikda Jezqozgʻon (Qozogʻistonning Qaragʻanda viloyati) qamoqxonasidan turmush oʻrtogʻiga koʻplab maktublar yozadi. Ular Saidaning majruh koʻngliga, jarohatiga malham boʻlib, uning qorongʻi hayotini bezadi. Oʻz navbatida, Saida yozgan maktublar ham oshiq mahbusning hijron dardini oz boʻlsa-da, yengillatishga yordam berdi. Eng muhimi, xat yozuvchi ham, xat oluvchi ham ijodkorlar edi. Shuning uchun koʻp maktublarda ijodga sadoqat, ustoz-shogirdlik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash, hamdardlik hissi ufurib turadi.
Bir xatida Said Ahmad yosh adibaga: “Kaptar” hikoyangizni oʻqidim, yaxshi chiqibdi. Tilni silliqlang, jumlalarni qisqaroq tuzing”, deb maslahat bersa, boshqa bir maktubida oʻzining kitob boshlagani haqida yozadi. Qamoqda oʻtirgan boʻlsa ham oʻzbek adabiyoti, adabiy jarayondan boxabarligi seziladi.
Xat — koʻngil oynasi, inson qalbi unda aks etadi. Adibning xatlarida qalb kechinmalari, ruhiy iztiroblar yorqin namoyon boʻlgan. Said Ahmad ayriliqning bir yilu bir oyida yozgan maktubida sevgan yoridan minnatdorligi, oʻzi gʻam-alamda boʻlsa-da, uning koʻnglini koʻtarish ruhi kuchli ekani koʻrinadi: “Daryolar va sahrolar ortida qolib ketgan gʻarib maskanimni obod qilib, taqdirning hamma ogʻir jabru jafolar yukini oʻzining ojiz yelkasida muttasil koʻtarib kelayotgan munis, mushfiq, mehribon onamni ovutib oʻtirganingiz uchun sizdan nihoyatda minnatdorman”.
Said Ahmad tuhmat balosiga qolib, boshiga mushkul ishlar tushgan boʻlsa-da, ayriliqda yaxshi kunlarga ishonib yashaganidan bu maktublar guvohlik beradi: “Tuhmat loyqadek quyiga choʻkmogʻi, haqiqat buloq suvidek qaynab yuzaga chiqmogʻiga ishongan kishi hech qachon umidsiz boʻlmaydi. Yaxshi kunlarning birida yuz koʻrishmoqqa umidim katta”.
Saida Zunnunova yozgan har bir sheʼrini, hikoyasini Said Ahmadga yuborib turgani, ular hijronda ham ijod jarayonidan bir-birini xabardor qilib turgani maktublardan ayon.
* * *
Qora kuchlar Saida Zunnunovaga turmush oʻrtogʻidan voz kechish talabini qoʻyadi. Qatʼiyatli ayol turmush oʻrtogʻidan voz kechmaydi. Buning uchun shoirani oʻqishdan haydashadi, ishdan boʻshatishadi. Endigina tanilib borayotgan ijodkorning sheʼrlarini chop etishmaydi.
Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Oʻtkir Hoshimov xotirasidan:
— Yozuvchi Said Ahmad qamalgach, shoira Saida Zunnunovani ham siquvga oladilar. Yozuvchilarning uyushmasida majlis qilib, “Yo erim xalq dushmani, undan voz kechaman” deb tilxat yozib berasan yoki yozuvchilar safidan oʻchirilasan” deb shart qoʻyadilar.
Oʻsha mashʼum yillarda erining “xalq dushmani” ekanini tasdiqlab, gazetaga yozib chiqqanlar ham, erini qamatib yuborganlar bilan “apoq-chapoq” boʻlib ketgan xotinlar ham boʻlgan… Balki shoirani oʻrtaga olib talagan “hamkasblar” Saida Zunnunovadan ham shuni kutgandir. Ammo Saida opa boshqacha yoʻl tutgan.
— Mayli erimni “xalq dushmani” deyishingiz mumkin. Ammo mening ham bitta shartim bor. Meni erim bilan yuzlashtiringlar! Erim oʻz ogʻzi bilan “Ha, men xalq dushmaniman”, desa, oʻshanda ishonaman!
Shoirani haqorat qiladilar. Yozuvchilar uyushmasidan haydaydilar. Asarlarini bosishni taqiqlab qoʻyadilar…
Shunda Saida opa kelinlik bisoti — tilla taqinchoqlarni sotib, mashinka xarid qiladi. Qozoq adibi Muxtor Avezovning davlat nashriyotida chiqayotgan “Abay” romani tarjimasini mashinkadan chiqaradi va mehnati evaziga haq olish uchun nashriyotga boradi...
* * *
Saida Zunnunova keksa qaynonasi bilan birga yashaydi. Ertangi kuniga, turmush oʻrtogʻining kelishiga ishonadi. Qilingan nohaqliklar, kamsitishlarga javoban koʻzidagi yoshini koʻrsatmay, oʻzini beparvo tutgan. Metindek bardosh bilan barcha alamni ichiga yutgan. Turmush oʻrtogʻining nohaq emasligiga kuchli ishongan.
Vaqt oʻtib, tuzum oʻzgardi, adib oqlandi. Shoira boshidan kechirgan, faqat oʻzigagina ayon holatlarni “Vaslingning umidida dunyodan oʻtib borgum, Qanoatda Saida filcha boʻlurmi, hay-hay” deb yozgan satrlarida izohlashga harakat qildi. Bu dardli sheʼr hozir xalqimizning sevimli qoʻshigʻiga aylangan.
Soʻng juftlik baxtli hayot kechirdi. Biroq bu baxtning umri nihoyatda qisqa boʻldi. Ajal shoirani Said Ahmaddan ajratdi. Adib 30 yil Saidasiz yashadi. Metin irodali, soʻzida sobit, ahdiga vafodor ayolga yozuvchimiz ham umrining oxirigacha sadoqat saqladi.
Said Ahmad xotiralaridan:
— Bu 1977-yilning bahorida boʻlgan. Martning oʻrtalarida oʻrik gulladi. Men oʻrikning gullagan shoxidan birini uzdim, olcha tagida gullagan binafshalarni terdim va endigina bosmadan chiqqan “Saralangan asarlar”ning ikkinchi bobi bilan Saidaxonning oldiga kasalxonaga bordim. U avval nashriyot siyohining isi hali tarqamagan ikkinchi bobni varaqladi. Soʻng binafshalarni hidladi. Undan keyingina oʻrik shoxidagi gullarga qaradi.
— Bu hovlimizdagi oʻrikning gullarimi? — deb soʻradi u.
— Ha.
— Margʻubaning darvozasidagi jiyda hali gullamadimi?
— Bir oydan soʻng gullaydi, — deya javob berdim.
— Men esa kasalxonadaligimda gullab qoʻymasmikan, deya xavotirlandim. Yaxshiyamki, u gullaganda men uyda boʻlaman...
Jiyda gullaganda Saidaxon olamdan koʻz yumgandi... Bir oydan soʻng gullagan jiyda shoxini yuldim va uning qabri ustiga qoʻydim”.
Saida Zunnunova 1977-yili 51 yoshni qarshi olib, dunyodan koʻz yumdi.
* * *
Adabiyotimizdagi ikki buyuk namoyandaning hayoti, muhabbati va sadoqati aks etgan “Said bilan Saida” filmi kino ixlosmandlari eʼtiboriga havola etilganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Oʻzbekiston sanʼat arbobi Shuhrat Abbosov hamda Nodira Husanxoʻjayeva (Said Ahmadning qizi) ssenariysi asosida 2018-yili ekranlarga chiqqan film “Oʻzbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga koʻra rejissyor Nozim Abbosov tomonidan suratga olingan.
Chin muhabbat va sadoqat har qanday sharoitda ham qiymatini yoʻqotmaydi. Sobiq tuzumning qonli qatagʻonlaridan minglab insonlar qatori azob chekkan Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad va uning suyukli rafiqasi, benazir shoira Saida Zunnunovaning hayot yoʻli haqida hikoya qiluvchi kinokartina qisqa muddatda tomoshabinlar qalbidan chuqur oʻrin oldi.
Chunki ona Vatanga sadoqat, mehnat va baxt, muhabbatni haqgoʻylik bilan kuylagan shoiraning lirik sheʼrlari, nasriy asarlari adabiy xazinamizni boyitib turibdi. Uning hassos nazmi, samimiy nasri oʻzbek kitobxonlarining maʼnaviy mulkiga aylangan. Shuningdek, adiba asarlarini koʻplab qardosh xalqlar oʻz ona tilida sevib oʻqimoqda.
* * *
Kuni kecha poytaxtimizda atoqli adiba Saida Zunnunova tavalludining 100-yilligiga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi. Adabiyot ixlosmandlari avval Adiblar xiyobonida Said Ahmad va Saida Zunnunova haykali poyiga gul qoʻyish marosimida ishtirok etib, ijodkor juftlik xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Soʻng tadbir Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta majlislar zalida davom etdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Farida Afroʻz Saida Zunnunovaning hayoti va ijod yoʻli, boy maʼnaviy merosi haqida soʻz yuritdi. Filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Boltaboyev ustoz-shogird anʼanalari, xususan, Asqad Muxtorning Saida Zunnunovadagi iqtidorni ilgʻagani va uni adabiyot boʻstoniga olib kirgani haqidagi qiziqarli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi. Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi direktori Olmos Ahmedova va boshqalar adiblar haqidagi yorqin xotiralarni gapirib berdi. Oʻzbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova shoira qalamiga mansub “Vaslingning umidida” deb boshlanuvchi mashhur sheʼrning qoʻshiq boʻlish tarixi haqida soʻzlab, xalqimiz qalbidan joy olgan ijod namunalaridan yigʻilganlarni bahramand qildi.
— Talabalik davrimdan “Bir yil oʻylari” kitobchasi bilan hayotimga kirib kelgan, noziktaʼb, malohatli jasoratga uygʻun shoira bilan uchrashish menga nasib etmadi, — deydi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Muhtarama Ulugʻova. — Bebaho xotiralar — audio, video yozuvlar orqali shoiraning qiyofasi, ayniqsa, ovozi dilimga oʻrnashib qolgan. Har gal asarlarini oʻqiganimda jilosi baxmalga, arqoq oʻrishi ipakka andazadek tuyuladigan malham ovozini eshitaman.
Nodir MAHMUDOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri