Bugungi kunda shahar atrofi yoʻnalishlari boʻyicha harakatlanadigan elektr poyezdlarining amaldagi jadvali nafaqat temir yoʻl harakatini tashkil etishni hisobga olgan holda, balki poytaxtga mehnat faoliyatini olib borish uchun keladigan yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida 09:00 dan 18:00 gacha boʻlgan ish jadvaliga muvofiqlashtirib tuzilgan.
“Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan vagon parkini yangilash va yoʻlovchi vagonlarini modernizatsiya qilish boʻyicha ishlar olib borilyapti. Shahar atrofida qatnovni taʼminlash, keyinchalik uni shahar transport tizimiga integratsiya qilish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yaqin kelajakda yangi harakat tarkiblarini xarid qilish va shahar atrofi yoʻnalishida yoʻlovchi oqimini koʻpaytirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda yirik megapolislarda shahar atrofi harakatini tashkil etishning xalqaro tajribasi oʻrganildi. Shuningdek, qulaylik, ishonchlilik va xavfsizlikni hisobga olgan holda, Rossiya, Xitoy, Belarus va Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan zamonaviy harakat tarkiblariga qoʻyilgan talablar oʻrganildi.
Shuni taʼkidlash joizki, tadqiqotlar Germaniyaning “Deutsche Bahn AG” –temir yoʻl kompaniyasi va Rossiyaning relsli transporti uchun harakat tarkiblarini ishlab chiqaruvchi ikki yirik korxonalarining biri va dunyodagi eng yirik transport mashinasozligi kompaniyalari oʻntaligiga kiruvchi “Transmashxolding” AJ kabi yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatiga va Fargʻona vodiysiga tashrifi chogʻida elektr poyezdlarni sotib olish boʻyicha topshiriqlariga muvofiq barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirildi va xarid qilish uchun tender oʻtkazish bosqichlari belgilandi. Jami 15 ta elektropoyezd va 5 ta dizel poyezdlarini xarid qilish rejalashtirilgan boʻlib, ular qoʻshimcha ravishda butun respublika boʻylab qatnaydigan barcha yoʻnalishdagi shahar atrofi poyezdlari safiga qoʻshiladi. Sotib olingan yangi elektr va dizel poyezdlar quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha qatnovlarni amalga oshirishadi: Toshkent-Guliston, Toshkent-Xoʻjakent, Toshkent-Angren, Toshkent-Bekobod, Qoʻqon-Pop-Namangan, Qoʻqon-Margʻilon-Andijon, Samarqand-Buxoro, Buxoro-Xiva, Buxoro-Qarshi, Xiva-Nukus, Termiz-Darband, Toshkent-Samarqand, Toshkent-Buxoro, Toshkent-Xiva.
Bundan tashqari, 2022-yil oxiriga qadar mavjud elektropoyezdlarni modernizatsiya qilish, qattiq oʻrindiqlarni yumshoq oʻrindiqlarga almashtirish rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joizki, yildan yilga yoʻlovchi tashish bilan bogʻliq obyektlar va temir yoʻl liniyalari infratuzilmasi modernizatsiyalashtirilib yangilanib bormoqda. Ayni paytda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Salar – Chirchiq – Xoʻjakent” temir yoʻl uchastkasida tezyurar yoʻlovchi, xususan, shahar atrofi poyezdlar harakatini tashkil etish uchun keng koʻlamli ishlarni amalga oshiryapti. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan shahar atrofi yoʻnalishida harakatlanuvchi yoʻlovchilar uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida toʻxtash punktlarini rekonstruksiya qilish va zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash ishlari olib borilyapti.
Bundan tashqari, mavjud elektron chiptalarni sotish platformasi “e-ticket.uz” kabi shahar shaharlararo elektropoyezdlariga elektron chiptalarni sotish boʻyicha axborot tizimi yaratilish jarayoni ketyapti. Chiptalarni Android va IOS platformalaridagi mobil ilovalarning internet resurslari, shuningdek, rasmiy veb-sayt orqali sotib olish imkoniyati paydo boʻladi.
Yangi elektropoyezdlar sotib olinib, mavjudlarini modernizatsiya qilishdan soʻng, viloyat va tuman hokimliklari bilan hamkorlikda marketing tadqiqotlari natijalari boʻyicha (yoʻlovchilar – talabalar va oʻquvchilar, ishchilar va davlat tuzilmalarida xodimlar, tadbirkorlar, poytaxt mehmonlari va h.k.) innovatsion yechimlardan foydalangan holda, elektropoyezdlar sonini koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Shuni taʼkidlash lozimki, yoʻlovchilarga qulaylik yaratish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan oxirgi besh yil ichida Toshkent Janubiy, Andijon, Buxoro, Xiva, Namangan, Angren, Xonobod, Kattaqoʻrgʻon vokzallari qurilib, Jizzax, Xovos, Bekobod Guliston, Qoʻqon, Pop, Margʻilon, Navoiy, Termiz, Qarshi, Denov stansiyalarining barcha vokzallari rekonstruksiya qilindi. Barcha vokzallar jahon talablariga mos yangi texnologiyalar bilan jihozlangan. Yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan mutaxassislar har yili Toshkent davlat transport universitetiga malaka oshirish uchun yuboriladi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.
Respublika aholisini yuqorida keltirilgan ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayoni bilan tanishtirish maqsadida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ rasmiy sayti “www.railway.uz” orqali muntazam ravishda axborot xabarlari eʼlon qilinadi.









