Shahrisabz davlat pedagogika institutida til bayrami munosabati bilan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi

    Shu yilning 21-oktyabr kuni Shahrisabz davlat pedagogika institutida Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 35-yilligi hamda “Oʻzbek tili bayrami kuni” munosabati bilan “Oʻzbek tilini ona tili va xorijiy til sifatida oʻqitishning dolzarb masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

    Konferensiyani ochib bergan institut rektori Serzod Nematov oʻz nutqida oʻzbek tilini davlat tili sifatida nafaqat milliy oʻzligimizni saqlashdagi oʻrni, balki davlat boshqaruvi, taʼlim, ilm-fan, madaniyat sohalarida keng qoʻllanilib, mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshayotganini eʼtirof etdi va barchani bugungi bayram bilan tabrikladi.

    Ushbu konferensiyada yurtimizning oliy taʼlim muassasalaridan professor-oʻqituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, magistrlar, shuningdek, Zoom platformasi orqali xorijlik mutaxassislar, xususan, Moskva davlat lingvistika universitetidan Begʻam Xolmonovna, Qozogʻiston Respublikasi, Jumabek Tashenev universitetidan Shahlo Djamolovna, Turkiya Respublikasi, Yeditepe Universitetidan Babak Javanshir, Ozarbayjon Milliy Bilimlar Akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot institutidan Almaz Ulviy oʻz maʼruzalari bilan ishtirok etdi.

    Shuningdek konferensiya davomida Oʻzbek tilini oʻqitishning zamonaviy usullari, xorijiy talabalarga Oʻzbek tilini oʻrgatish tajribalari, ona tilimizni xalqaro miqyosda tanitish masalalari boʻyicha fikr almashdilar.

    Konferensiya soʻngida “Qadring baland boʻlsin ona tilim” mavzusida oʻtkazilgan insholar tanlovi gʻoliblariga esdalik sovgʻalari topshirildi.


    Hamkorlik materiali