Salqin kuz boshlandi. Bilamizki, bu faslda koʻpchilikni shamollash kasalligi bezovta qiladi. Bunga esa aksariyat hollarda organizmda immunitetning pastligi sabab boʻladi.
Quyida virus va bakteriyalardan samarali himoyalovchi va immunitetni mustahkamlovchi 7 ta tabiiy mahsulot haqida maʼlumot beramiz.
1. Yer qalampiri. Tabiatda patogen bakteriyalar, viruslar va parazitlar rivojlanishiga toʻsqinlik qiluvchi oʻsimliklar koʻp. Bu xususiyat ular tarkibidagi maxsus moddalar — “fitonsidlar” bilan bogʻliq. Ushbu modda moʻl boʻlgan ozuqa mahsulotlarini isteʼmol qilish immunitetni oshirish bilan birga, salomatlikni mustahkamlaydi.
Yer qalampiri – ana shunday tabiiy antibiotik. U uzoq vaqtdan beri xalq tabobatida qoʻllanilib kelmoqda va antibakterial hamda qonni tozalash xususiyatlari tufayli alohida qadrlanadi. Qolaversa, bu tabiiy mahsulot safro haydaydi. Yalligʻlanishga qarshi kurashib, balgʻam ajralishiga yordam beradi.
Agar u ovqatga qoʻshib isteʼmol qilinsa, oshqozon-ichak traktining yaxshilanishi va qonda qand miqdorining pasayishiga yordam beradi.
2. Piyoz va sarimsoq. Agar immunitetingiz kuchli boʻlishini istasangiz, bu ikki mahsulot dasturxoningizda doimo boʻlishi kerak. Chunki aksariyat bakteriyalar, virus va parazitlar piyoz va sarimsoqdan “qoʻrqadi”.
Oʻziga xos hidi boʻlishiga qaramay, ular muntazam ravishda taomnomaga kiritilishi zarur, ayniqsa, mavsumiy shamollash paytida.
3. Zanjabil. Esingizda boʻlsa, koronavirus pandemiyasi davrida u oltinga teng mahsulotga aylangan edi. Sababi zanjabil viruslarning oldini olish va ulardan himoyalash uchun ajoyib xususiyatga ega. Aytgancha, u homilador ayollarda koʻngil aynishini kamaytirishda ham juda foydali.
Buning uchun tozalangan zanjabilni qobigʻi bilan birga limonga aralashtirib, xamir tayyorlanadi. Soʻng uni oz miqdorda asal bilan qorishtirib, kichik qoliplarga solinadi va muzlatichga qoʻyiladi. Soʻng undan choy qilib ichilsa, immunitetni tez koʻtaradi.
4. Xantal. U ham ajoyib tabiiy antibiotik. Xantal fitonsidlarning kuchli zaryadini oʻz ichiga olib, immunitet tizimini mukammal darajada ragʻbatlantiradi.
5. Turp. Tabiiy antiseptik mahsulot boʻlib, dezinfeksiyalash xususiyatiga ega. Qolaversa, uni tez-tez isteʼmol qilish immunitetni mustahkamlaydi.
6. Klyukva. immun tizimi uchun ajoyib foydali rezavor. Shuningdek, klyukva safro chiqishini ragʻbatlantirib, kayfiyatni koʻtaradi. Ushbu mevani isteʼmol qilishning eng yaxshi usuli — undan muzlatilgan va maydalangan holda shirinlik yoki ichimlik tayyorlash.
7. Sabzi sharbati. Uning tarkibida selen, fosfor, magniy, yod kabi foydali modda va vitaminlar boʻlib, tanada qon aylanishini yaxshilaydi va immunitetni koʻtaradi. Bundan tashqari, sabzi sharbati isitmani tushirib, ogʻiz boʻshligʻidagi bakteriyalarni yoʻq qilishga yordam beradi.