“Unicorns SCO” Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlarning, kuzatuvchilarning va ish boʻyicha hamkorlarning startapga ega 18 yoshdan 35 yoshgacha boʻlgan yoshlarini qoʻllab-quvvatlash loyihasidir.

Loyihani oʻtkazish tartibi Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekiston Yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi, “Yoshlar-kelajagimiz” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. “Unicorns SCO” doirasida SHHTga aʼzo, kuzatuvchi va hamkor davlatlar startapchi yoshlarining 2 tadan jami 50 ta eng yaxshi startap loyihalarining taqdimot jarayonlarini oʻtkazish rejalashtirilgan.

Loyiha 6-iyundan 11-iyungacha Toshkent shahrida boʻladi oʻtadi. “Unicorns SCO”ning rasmiy ochilish marosimi bugun Yoshlar ijod saroyida oʻtkazildi. Unda har bir startap ekspertlar oldida taqdimot qilindi.

Eng yaxshi loyihalar ushbu yoʻnalishda shu kungacha amalga oshirilgan ishlar, jamoa, gʻoyaning maqsadlari, hayotiyligi va boshqa shu kabi amaliy jarayonlarga qarab tanlanadi. Taqdimot jarayoni yakunlanganidan soʻng ekspertlar tomonidan maʼqul deb topilgan eng yaxshi 10 ta startapning har biriga 10 000 AQSH dollari, umumiy 100 000 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya mablagʻlari ajratiladi.