Bir necha soniya ichida asfalt o'pirila boshladi va vahimaga tushgan aholi tezlikda kengayib borayotgan kraterdan qochish uchun tarqala boshladi.
Hodisa Minxan tumanida, Sisin ko'chasi va Lyan-roud yo'llari kesishmasida sodir bo'ldi. OAV xabarlariga ko'ra, cho'kma yaqin atrofdagi qurilish maydonchasi tufayli yuzaga kelgan bo'lishi mumkin. Yo'l ostida metro tarmog'i qurilmoqda. Bu hududda ilgari yer osti suvining oqishi qayd etilgan, bu esa eroziya va o'pirilishga sabab bo'lgan bo'lishi mumkin.
Mahalliy hokimiyat organlari hodisada hech kim halok bo'lmagani yoki jarohatlanmaganini ma'lum qilishdi. Hodisa joyi o'rab olingan va transport va piyodalar uchun vaqtincha yopilgan. Xitoy temir yo'l tunnellari boshqarmasi qurilishi davom etayotgan “Szyamin`” tarmog'i yaqinida favqulodda ta'mirlash ishlarini olib bordi, deb xabar berdi mir24.tv.
Shunga o'xshash voqea Shanxayda 2024-yil yanvar oyida ham sodir bo'lgan. O'sha paytda quvur yorilishi tufayli yo'l taxminan 10 metrga cho'kib ketgan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, 2017 va 2023-yillar oralig'ida Xitoyda paydo bo'lgan chuqurlarning taxminan 70 foizi odamlar faoliyati bilan bog'liq, deb xabar berdi Lokmat Times.