Sharifa Davronova Osiyoning eng yaxshi yengil atletikachisiga aylandi

    Yengil atletikaning uch hatlab sakrash yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida Osiyo va jahon chempioni, Konya-2021 Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi Sharifa Davronova Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi tomonidan “Yilning eng yaxshi yosh yengil atletikachisi” deb topildi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi ma’lum qildi.

    Xabarga ko‘ra, bugun Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev ushbu sovrinni atletimizga topshirdi.

    A.Abduvaliyev sportchini taqdirlar ekan, unga kelgusi musobaqalarda omad tiladi. Xususan, joriy yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida ham barcha undan oltin medal kutayotganini qo‘shimcha qildi. O‘z navbatida, Sh.Davronova kelgusida kattalar o‘rtasida ham yil sportchisi bo‘lish uchun astoydil harakat qilishini bildirdi.

    Ma’lumot uchun, joriy yil hisobidan Osiyo miqyosida yoshlar o‘rtasida o‘tadigan musobaqalar yakuniga yetdi. Davronova 2023 yil poytaxtimiz mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida 13.99 metr natija qayd etgan. Bu yil davomida nafaqat qit’a, balki jahon miqyosida yoshlar toifasidagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lib turibdi.