Davlatimiz rahbarining 2017-yil 10-11-mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida, Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish yuzasidan aytgan soʻzlari va bu borada bergan koʻrsatma va topshiriqlari tez fursatda hayotga tatbiq etildi. Madrasaning oliy taʼlim muassasasi maqomiga koʻtarilishi esa koʻhna taʼlim dargohi nufuzining yanada yuksalishi, jozibali va koʻrkam koʻrinishga ega boʻlishiga zamin yaratdi.
Biz ushbu maqolani tayyorlash jarayonida soha mutaxassislari bilan suhbatlashib, yetti iqlimga mashhur madrasaning tarixi, nomlanishi, unda taʼlim olgan allomalar va bugungi kunda oliy madrasa maqomini olgan koʻhna bilim dargohi haqidagi maʼlumotlar bilan qiziqdik.
Besh yuz yilki saboqlar berur...
— “Qubbatul Islom” deb eʼtirof etilgan Buxoroi sharifda har bir tarixiy obida xalqimizning boy oʻtmishidan, yuksak tafakkuridan darak beradi. Bunyod etilganiga 500-yildan oshayotgan Mir Arab madrasasi ham fikrimizning yorqin namunasidir. Ushbu madrasa milodiy 1530-1536-yillari xalq orasida Mir Arab nomi bilan mashhur boʻlgan buyuk alloma Sayyid Abdulloh Yamaniy tomonidan qurilgan, — deydi, Oʻzbekiston Musulmonlari idorasi raisining birinchi oʻrinbosari Homidjon Ishmatbekov. — Oʻtgan salkam besh yuz yil davomida madrasada juda koʻplab tolibi ilm saboq oldi. Sharqu Gʻarbga ilm nurini taratishdek ezgu yoʻlda xizmat qilgan bu dargohdan koʻplab buyuk zotlar yetishib chiqdi. Madrasa Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Eron, Rossiya, Kavkaz, Ozarbayjon, Dogʻiston kabi davlatlar musulmonlari hayotida ham muhim oʻrin egallab kelgan.
Ushbu dargohda taʼlim olgan bitiruvchilar, oʻz mamlakatlarida din sohasida obroʻ-eʼtiborga ega boʻlib, yuzlab fozillar oʻz millatlari faxru iftixoriga aylangan. Ayniqsa, Shahobuddin Marjoniy, Galimjon Borudiy, Musa Bigiyev, Sadriddin Ayniy, Abdullajon Kalonzoda, Olimxontoʻra va Alixontoʻra Sogʻuniylar, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon hazratlari, Olloshukur Poshshozoda, Talgat Tojuddin, Ahmad Qodirov kabi moʻtabar ulamolar mazkur madrasada tahsil olgan.
Ular oʻz vaqtida mintaqada din sofligini taʼminlash, muqaddas dinimizni niqob qilib oʻz siyosiy nayranglarini oʻtkazmoqchi boʻlgan gʻayriinsoniy kuchlarga qarshi maʼnaviy kurash olib borish, turli firqalarga boʻlinishdan asrash, sof islom maʼrifatini keng targʻib etishda jonbozlik koʻrsatib, oʻz yurtida tinchlikni taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan.
Sayyid Abdulloh aslida kim boʻlgan?
XVI asrda tashkil etilgan Mir Arab madrasasi islom olami dunyosida katta nufuzga ega boʻlgan. Madrasadan yetishib chiqqan buyuk allomalar oʻzlaridan nodir va noyob asarlar meros qilib qoldirgan. Manbalarda yozilishicha, madrasaga asos solgan Mir Arab naqshbandiya tariqatining ulugʻ piri murshidi, sohibkaromat avliyo, ulkan tarbiyachi boʻlgan.
— Mir Arabning asl ismi Sayyid Abdulloh Yamaniy boʻlgan. Yamanning Hadramavt degan joyida, taxminan 1461-yilda podshoh oilasida tugʻilgan. Sayyid Abdullohni “Mir Arab” deyishlariga sabab, u kishining millati, amirligi va tugʻilgan joyiga ishoradir. Sayyid Abdulloh Allohga boʻlgan muhabbati oshib, ilm oʻrganish uchun toju taxtdan voz kechib, 22 yoshida Samarqandga yoʻl oladi, — deydi Mir Arab oʻrta maxsus islom bilim yurti mudiri Jaloliddin Saburov.
Samarqandning Xoʻja Kafshir guzarida Xoʻja Ahror Valiyga yoʻliqib, u kishiga shogirdlikka tushadi. Ilm oʻrganib, qisqa muddatda ustozidan irshod xati olib, pir darajasiga yetishadi va Buxoro amiri Ubaydullaxonning piri boʻladi. Mir Arab 1530-yil Buxoroda madrasa qurdirishga jazm qiladi. Madrasaning meʼmoriy tuzilishi Mir Arabning tushida zohir boʻlgan. Uyqusida koʻrgan koshona tasvirini quruvchi-ustalarga soʻzlab berib, qiyomat qoyim boʻlgunga qadar ilmu maʼrifat ziyosini tarqatadigan madrasa bunyod etmoqni buyurgan. Qoʻligul ustalar buni qiyomiga yetkazib bajargan. Madrasa Buxoro xoni Ubaydullaxon inʼom etgan mablagʻ hamda koʻplab vaqf mulklari hisobiga qurdirilgan.
Bundan tashqari, u Shofirkon, Vobkent, Gʻijduvonda ariqlar qazdirib, katta-katta bogʻlar barpo ettiradi. Ammo madrasa qurilishi tugamay vafot etadi. Allomaning sagʻanalari madrasaga kirish qismida joylashgan katta gumbaz ostiga qoʻyilgan. Uning vasiyatiga koʻra, kuyovi Shayx Zakariyo qurilishni oxiriga yetkazgan. Mir Arabning oyoqlari tomonida oʻz vasiyatiga binoan Amir Ubaydullaxon, buyuk allomalar va Amir Ubaydullohning yaqinlari ham dafn etilgan. Shundan soʻng Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasi Sayid Abdulloh “Mir Arab” nomi bilan atala boshlangan.
Islom maʼnaviy sivilizatsiyasi ummoni
Darhaqiqat, Buxorodagi Mir Arab madrasasini Islom maʼnaviy sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasini ummonga qiyoslash mumkin. Ushbu ummon tubiga teranroq nazar solsak, juda koʻplab irfoniy duru marvaridlarni kashf etib boraveramiz.
— Mir Arab madrasasi shonli tarixining yangi davridan hozirgi kungacha mingdan ortiq malakali diniy xodimlar, koʻplab muftiy, ulamolar va bugungi kunda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar taʼlim olgan. Madrasaning oliy taʼlim muassasasi maqomiga koʻtarilishi esa nafaqat yurtimiz, balki chet mamlakatlarda ham alohida bir voqelik sifatida qayd etildi, — deydi Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir Elov.
— Shu yilning fevral oyida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning madrasamizga tashrifi, oʻqituvchilar va talabalar bilan dildan suhbat qurishi jamoamizga qoʻsh qanot bagʻishladi. Ayniqsa, madrasada, diniy taʼlim soatlari va sifatini isloh qilish, uni amaliyot bilan bogʻlash boʻyicha bergan alohida fikrlari barchamizga birday manzur boʻldi. Davlatimiz rahbarining “Madrasa musulmon dunyosi ulamolari, maktabdor, mudarris, qozilar, masjid imomlari va turli darajadagi davlat amaldorlari tayyorlaydigan oʻquv yurtidir”, degan soʻzlari bu taʼlim muassasasining nechogʻliq nufuzi baland ekanligiga yana bir ishoradir. Bugungi kunda Mir Arab oliy madrasasi huzurida “Tasavvuf ilmi maktabi” ham tashkil etilgan. 200 oʻringa moʻljallangan oliy madrasada Qurʼoni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta oʻrgatiladi. Talabalarning ilm olish va yashashi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kompyuter xonasi, fan kabinetlari, madrasa kutubxonasida saqlanayotgan qadimiy boy madaniy va maʼnaviy merosimiz hisoblangan qoʻlyozma va toshbosma kitoblar yoshlarga xizmat qiladi. Bundan tashqari, faollar zali, talabalar yotoqxonasi, xizmat uyi, sport zal va basseynda ham barcha qulayliklar yaratilgan.
Hozirgi kunga kelib, madrasada 4 yil davomida diniy fanlar bilan birga, umumtaʼlim fanlari ham oʻqitiladi. Ayni paytda 30 nafar oliy maʼlumotli va malakali oʻqituvchi-mudarris 100 dan ortiq talabaga dars berib kelmoqda. Olis viloyat va tumanlardan kelgan talabalar yotoqxona bilan taʼminlangan. Madrasani bitirganlarga islomshunos, imom-xatib va arab tili oʻqituvchisi mutaxassisligi boʻyicha shahodatnoma beriladi.
Tilla koshinlar yaratgan makroiqlim siri
— Mir Arab madrasasi 1530-1536-yillar davomida qurilgan boʻlib, shahar markazida joylashgan. Bino ikki ulkan gumbazi bilan boshqa tarixiy binolardan ajralib turadi. Madrasaning kirish qismi kunbotar tomonda. Shimoliy va janubiy peshtoqlari baland qilib qurilgan. Bu shimol bilan janubdan esadigan shamoldan saqlash hamda madrasa havosini tozalab turish imkonini beradi, — deydi Mir Arab oliy madrasasi oʻqituvchisi Asadulla Najmiddinov. —
Peshtoqlarning balandligi taxminan oʻttiz ikki metr. Gʻarbiy va sharqiy tomonda joylashgan peshtoqlar pastroq qurilgan. Bularning hammasi bino ichida oʻziga xos mikroiqlim yaratadi. Darvoza ulkan peshtoq ostida joylashgan. Bino toʻrt qavatdan iborat. Hujralarni toʻrtta ulkan peshtoq ajratib turadi. Madrasaning meʼmoriy shakli toʻrtburchak — Qurʼon kitobini eslatadi. Hujralarining 114 taligi esa Qurʼon suralari soniga mos keladi. Koʻhna va koʻrkam madrasaning shimoliy gumbazi yarim koshin bilan qoplangan, janubiy gumbazi esa bezatilmagan. Koshinlarga kam miqdorda tilla, kumush, mis, koʻrgʻoshin qoʻshilgan. Bularning koʻp yillar xizmat qila oladigan hamda sifatliligi bilan ajralib turadigan kvars qumiga aralashtirib ishlatilgan. Madrasaga hashamatli baland peshtoqdan kirilgan. Bir vaqtlar peshtoqlar juda baland boʻlgan. Rivoyatlarga koʻra, madrasa asosi chuqur qilinib, togʻ toshlari bilan mustahkamlangan, qor, yomgʻir suvini qochirish uchun tazarlar ishlangan, ular orqali suvlar shahar qoʻrgʻonidan tashqariga chiqarilgan.
Xorijlik olimlar jalb etilmoqda
Mir Arab madrasasi oʻz koʻrku salobatini namoyon etib, yilning toʻrt faslida ham mahalliy va xorijlik sayyohlar bilan gavjum. Yana shuni alohida taʼkidlab oʻtish kerakki, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi va Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining amaliy yordami bilan koʻhna oʻquv dargohida hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda.
Misrning dunyoga mashhur Al-Azhar universiteti, Madinadagi Islom universiteti, Toshkent Islom universiteti hamda yurtimizning boshqa oliy oʻquv yurtlari bilan Mir Arab oliy madrasasi oʻrtasida taʼlim sohasida ilmiy-amaliy hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Yana bir eʼtiborga molik xabar, Al-Azhar universitetining usulid din fanlari doktorlari, Shayx Ahmad Rajab Ahmad Adaviy va Shayx Ahmad Muhammad Ali hazratlari 2023-yildan Oliy madrasada dars berish uchun ishga qabul qilindi.
Ha, ezgu anʼanalar ruhi bilan sugʻorilgan madrasa, xalqimizning diniy-maʼrifiy bilim saviyasini yuksaltiradigan, turli xil yot gʻoyalarga qarshi oʻzining ziyosi bilan kurasha oladigan, islom shariatining yetuk bilimdonlarini tayyorlashda yangicha kuch va gʻayrat bilan oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Zero, Prezidentimiz aytganidek, “Bunday uzoq tarixga ega taʼlim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish boʻldi, deb oʻylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi boʻlmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni tajribasiz yoshlar qayerdan biladi? Buni sizga oʻxshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, toʻgʻri tushuntirib berishi kerak”.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri