Davlatimiz rahbari yigʻilish avvalida 25 yil qurilish industriyasi yoʻqolib ketgani, keyingi yillarda qurilish industriyasini rivojlantirishga eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi.
– Maqsadimiz aholini uy-joy, xalq tilida aytganda, boshpana bilan taʼminlash, – dedi Prezidentimiz.
Yigʻilishda dunyo xalqlari uchun ogʻir inqirozli boʻlgan yildan chiqqanimizga qaramasdan xalqimiz turmushini yaxshilash maqsadiga 31,5 trillion pul soʻm ajratilayotgani maʼlum qilindi.
Eʼtiborlisi, bu mablagʻ tashqi qarzimiz koʻpaymagan holda berilayotgani qayd etildi.
– Bir narsani barcha hudud va sektor rahbarlari aniq tushunib olishi zarur. “Obod qishloq” va “Obod mahalla”, deganda nafaqat ularning yoʻllari yoki mahallaning qiyofasi yaxshilanishi, balki u yerdagi aholining daromadi koʻpayishi, ijtimoiy soha obyektlari toʻliq ishlashi, bir soʻz bilan aytganda, tanlangan mahalla har tomonlama obod boʻlishi kerak. Eng asosiysi, haqiqiy obod mahallada “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” boʻlmasligi lozim, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari 3 yil oldin toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya 1 milliard dollar ham boʻlmagani, hozir bitta viloyatning oʻziga 1 milliard dollardan koʻp investitsiya kiritilayotganini taʼkidlar ekan, bularning barchasi xalqimiz turmushi yaxshilanishiga xizmat qilishini aytdi.
Davlatimiz rahbari qishloq va mahallalarni obodonlashtirish, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish maqsadi koʻzda tutilgan loyihalarni aholi, tadbirkorlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazish orqali shakllantirish, bunda obodonchilik bilan bir qatorda, yangi ish oʻrinlari yaratish, ishlab chiqarish obyektlarini barpo etishni ham inobatga olish zarurligini taʼkidladi.
Yigʻilish tanqidiy tus olmoqda. Davlatimiz rahbari “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari “bir martalik ish”ga aylanib qolmasligi, qilingan har bir soʻm investitsiya odamlarimizga uch baravar koʻp foyda keltirishi, ularning daromadini oshirishi zarurligini taʼkidlab, hamma rahbarlar ham bu masalalarni tushunib yetmayotganini tanqid qildi.
Prezidentimiz Fargʻona, Namangan va Toshkent viloyatlari mahallalaridagi holat yaxshi emasligi, shu sababli, Fargʻona va Namangan shaharlarining 4 ta sektor rahbari ishdan olinganini eslatdi.
Toshkent viloyati va Chirchiq shahri sektor rahbarlariga vaziyatni yaxshilash boʻyicha muddat berilgani, oʻzgarish boʻlmasa, ularga ham chora koʻrilishi aytildi.