Shavkat Mirziyoyev: “Ibrohim akaga oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak”

    Hukumat 30 Avgust 2021 1197

    Koʻksaroy qarorgohida bir guruh yurtdoshlarimizga faxriy unvonlar, orden va medallarni topshirish marosimi davom etmoqda. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qahramoni Ibrohim Gʻofurov hamda qiblaga qaratilgan Navoiy haykali haqida oʻz fikrlarini bildirdi.

    «Men “Boburnoma”ni koʻp-koʻp oʻqishga, Boburning hayot yoʻlini oʻrganishga harakat qilaman. Bilasizlarmi, Boburda umuman halovat boʻlmagan. Uning hayot yoʻli mashaqqatlar va kurashlarda oʻtgan, faqat mehnat qilgan. Ibrohim akaning ham hayotida halovati boʻlmagan, umri mehnatda oʻtgan. Hozirga adabiyot sohasidagi barcha yozuvchi va shoirlarimiz bu insonni ustoz deydi. Bu insonga halollik va poklik boʻyicha munosib boʻlishga harakat qiladi.

    Ochiq gap, men Erkin Vohidov va Abdulla Oripov bilan doʻst edim. Abdulla Oripov bilan Zomin maktabini tashkil qilgan edik. Erkin Vohidov bilan esa kechalari ham gaplashardik. Erkin akaning bir gaplari boʻlar edi: agar oʻzbek tilining buyukligini bilishni xohlasang, Ibrohimjondan soʻrash kerak, derdi. Sevib gapirardilar. Ibrohim aka adabiyotimizning ana shunday zabardast namoyandasi.

    Ibrohim akaga oʻxshagan halol insonlar bizga oʻrnak boʻlishi kerak. Hayotda, mehnatda, umrda. Bitta stol, ruchka va bitta xona. Boshqa biror narsani bu inson oʻzi uchun ep koʻrmagan. Mana shunday inson albatta Oʻzbekiston Qahramoni boʻlishiga loyiq.

    Soʻnggi yillarda yozuvchilar va shoirlarni qoʻlimizdan kelganicha qoʻllab-quvvatlayapmiz. Ularni oʻz binosi ham yoʻq edi, ijarada turishardi, mana, Vatanli boʻlishdi.

    Adiblar xiyoboni tashkil qildik. Bu ham bejiz emas. Oʻzligimizni anglamoqchi boʻlganlar shu xiyobonga kelib koʻrsin, nurli boʻlib turgan Navoiy bobomizga qarasin. Nima uchun Navoiy bobomizni ham qiblaga qaratib, oʻzgartirdim. Chunki buni tagida ham ilohiy kuch bor».