Unga koʻra, 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab mahalliy hamda xorijiy tadbirkorlar qiymati 200 mlrd soʻm miqdoridan oshadigan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda zarur tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan davlat tomonidan taʼminlanishi hamda quyidagilar ularni moliyalashtirish manbalari etib belgilanmoqda:

➖ kirish avtomobil yoʻllari hamda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha 90 foizi – respublika ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi mablagʻlari va 10 foizi – Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari;

➖ elektr energiyasi va gaz tarmogʻini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha – respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan taʼminotchi korxonalarga 5 foiz stavkada uch yil muddatda qaytarish sharti bilan ajratiladigan byudjet ssudasi mablagʻlari;

➖ aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari boʻyicha – taʼminotchi korxonalar va tadbirkorlarning oʻz mablagʻlari.

Qiymati 200 mlrd soʻm miqdoridan oshadigan investitsiya loyihalari doirasida byudjet ssudasi mablagʻlari – elektr energiyasi tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJlarga, tabiiy gaz tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash ishlari uchun “Oʻztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJlarga ajratiladi.

Mazkur qaror texnik-iqtisodiy asoslariga koʻra investorlarning oʻz mablagʻlari hisobidan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish oʻzini oqlamaydigan investitsiya loyihalariga tatbiq etiladi.