"Bugungi kunda dunyo mamlakatlari iqlim oʻzgarishi, yirik migratsion jarayonlar, tabiiy, energetika va oziq-ovqat resurslarining yetishmovchiligi kabi jiddiy sinovlarga duch kelmoqda.
Bu xavf-xatarlarni samarali yengish uchun Bankning aʼzo mamlakatlari innovatsiya va texnologiyalarni rivojlantirish va joriy qilish masalalarida keng qamrovli hamkorlik oʻrnatishi lozim.
Biz Islom taraqqiyot bankining ushbu jarayonlarga toʻlaqonli yetakchilik qilish salohiyatiga ishonamiz. Shundan kelib chiqib, Bankimiz faoliyatini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha takomillashtirish zarur, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, “Gʻarbiy Afrikadan Sharqiy Osiyogacha – Yashil koridor” nomli savdo-iqtisodiy makonni shakllantirish Konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif etamiz. Ayniqsa, bu pandemiya davrida gʻoyat katta ahamiyatga ega.
Konsepsiyaning roʻyobga chiqarilishi oʻzaro savdo va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishga, mamlakatlarimizning barqaror oʻsishiga va iqtisodiy jihatdan birlashishiga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi hamda Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash islom korporatsiyasi tomonidan moliyaviy instrumentlarni kengaytirish lozim.
Bu saʼy-harakatimiz erkin savdoni ragʻbatlantirish, investitsiyaviy xatarlarni sugʻurtalash, transport va logistika infratuzilmalarini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshadi.
Uchinchidan, davom ettirdi Prezidentimiz, “post-kovid” davrida aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotlari rivojlanishiga innovatsion tus berish juda muhim masaladir.
Jumladan:
- Islom taraqqiyot bankining fan, texnologiya va innovatsiyalar jamgʻarmasining salohiyati va imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish;
- qishloq xoʻjaligiga ilgʻor ishlanmalarni joriy qilish orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash;
- qayta tiklanadigan energiya va ekologik texnologiyalarning qoʻllanishini kengaytirish asosida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish ayniqsa dolzarbdir.
"Toʻrtinchidan, mintaqaviy ahamiyatga ega investitsion va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni kengaytirish darkor.
Biz bu bilan mamlakatlarimizning oʻzaro bogʻliqligini yanada mustahkamlashga erishamiz.
Beshinchidan, yangi yoʻnalishlarni moliyalashtirish maqsadida, aʼzo mamlakatlar tomonidan Islom taraqqiyot banki kapitalini oshirish boʻyicha avval qabul qilingan qaror ijrosini tezkor ravishda taʼminlashimiz zarur
Hech shubhasiz, bugungi xalqaro anjumanimiz tarixiy ahamiyatga ega, va Bank doirasidagi sherikligimizni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi va aʼzo mamlakatlar xalqlarining umumiy farovonligiga katta hissa qoʻshadi".
Davlatimiz rahbari soʻzining yakunida anjuman ishtirokchilariga yangi yutuqlar, yigʻilish faoliyatiga muvaffaqiyatlar tiladi.