Bugungi kunda respublika boʻyicha 1 ming 695 ta maktab mukammal taʼmirga muhtojligi, hanuzgacha 179 ta paxsadan qurilgan maktab mavjudligi, 3 mingdan ziyod maktab uchun qoʻshimcha oʻquv binolari zarurligi tanqid qilindi. Bundan tashqari:
- yangi massivlar barpo etilishi, qishloq infratuzilmasi kengayishi va aholi oʻsishi natijasida yana 270 ta maktab qurishga ehtiyoj bor;
- hozirda 2,3 mingta maktabning sport zali mavjud emas;
- taʼlim sifati past boʻlgan 84 ta maktabning birorta oʻquvchisi oʻtgan yili oliygohga kirmagan;
- maktab kutubxonalaridagi kitob fondi yillar davomida yangilanmagan;
- milliy musiqa anjomlari atigi 615 ta maktabda mavjud.
Prezident maktablardagi taʼlim sifati va mazmuniga ham keskin baho berdi.
Xususan, foydalanib kelinayotgan taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari faqatgina nazariy bilim berishga yoʻnaltirilgan boʻlib, ularni mantiqiy fikrlashga, amaliy koʻnikmalarni shakllantirish, bir soʻz bilan aytganda, ularni hayotga tayyorlashga oʻrgatmayotgani qayd etildi.
Shu bilan birga, bugungi kunda 504 ming pedagogdan 12 foizi oʻrta maxsus maʼlumotli, 38 foizida esa umuman malaka toifasi yoʻq.
“Bu pedagoglarning dars oʻtish mahorati yetarli emas. Ular oʻquvchilarga faqatgina oʻzi ”chala bilgan” narsalarni oʻrgata oladi, xolos. Sababi, oʻqituvchilarning oʻzining ustida mustaqil ishlash va ragʻbatlantirishning samarali tizimi yaratilmagan. Oʻqituvchi sifatli dars oʻtishga emas, “koʻproq soat olish”ga intiladi", dedi Prezident.
Maktablarda hanuzgacha 200 dan ortiq hisobot mavjud, oʻqitish, tadbirlar oʻtkazish kabi barcha jarayonlar “haddan tashqari qolipga solingan”.