Energetika vazirligi maʼlumotiga koʻra, loyiha doirasida ochiq tender oʻtkaziladi va bu haqda 2021-yil boshida rasmiy ravishda eʼlon qilinadi.
“Sherobod FES loyihasining II fazasi”da Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 300 MVt boʻlgan fotoelektr stansiyasi qurilishi koʻzda tutilgan. Stansiya birinchi loyiha (“Sherobod FES loyihasining I fazasi”) obyektlariga yaqin joyda barpo etiladi.
Yangi loyiha Oʻzbekiston hukumati tomonidan Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida ishlab chiqilgan 1 GVt quyosh energiyasi ishlab chiqish boʻyicha umumiy strategiya (“Dastur”) doirasida Energetika vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
“Sherobod FES loyihasi II fazasi” loyihasini amalga oshirishda shuningdek, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi davlat-xususiy hamkorligi agentligi ham koʻmak koʻrsatmoqda.
Aytib oʻtish joizki, “Sherobod FES Loyihasi II fazasi” va umuman olganda Quyosh energiyasidan foydalanish dasturi Oʻzbekistonning qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasidagi keng miqyosli konsepsiyasini toʻldiradi. U Oʻzbekiston Respublikasini 2020-2030-yillarda elektr energiyasi bilan taʼminlash konsepsiyasi Oʻzbekistonda elektr energiyasiga tobora ortib borayotgan ehtiyojni qondirish uchun kelgusi oʻn yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan olinayotgan elektr energiyasi ishlab chiqilishini 5 GVtga yetkazishni koʻzda tutadi.
“Sherobod FES loyihasi I fazasi”ni amalga oshirish maydonchasi ham Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida joylashganini qayd etish joiz. Mazkur loyiha boʻyicha hozirgi vaqtda tender savdolari oʻtkazilmoqda. Takliflarni taqdim etish soʻrovi joriy yil 14-dekabr kuni boshlanib, 2021-yilning 15-martigacha davom etadi.
I faza doirasida oʻzgaruvchan tok kuchlanishi 200 MVtdan kam boʻlmagan fotoelektr stansiyasi, 220 kV kuchlanishli yangi podstansiya va “Surxon” podstansiyasiga ulanish uchun uzunligi 52 kilometr boʻlgan havo elektr uzatish tarmogʻi qurilishi rejalashtirilgan.