Sherzod Asadov Prezidentning IIO tizimi xodimlari va faxriylariga bayram tabrigini oʻqib eshittirdi

    Dolzarb 25 Oktabr 2025 1498

    Bugun mamlakatimizda Ichki ishlar organlari xodimlari kuni nishonlanmoqda.

    Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning tizim xodimlari va faxriylariga bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

    Qutlovda ichki ishlar tizimini xalqchil va samarali tuzilmaga aylantirish boʻyicha soʻnggi yillarda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar natijasida mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalik muhitini mustahkamlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha mustahkam zamin yaratilgani taʼkidlangan.

    Jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarda xavfsiz muhit yaratish, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan foydalangan holda jamoat xavfsizligini taʼminlash, kiberjinoyatchilik va giyohvandlikka qarshi kurashish sohasida erishilayotgan yutuqlar bilan birga, soha oldida turgan ustuvor vazifalar qayd etilgan.

    Prezidentimiz tabrigida xalqimiz hayotini yanada osoyishta va fayzli qilishga qaratilgan harakatlar bundan buyon ham ustuvor darajada izchillik bilan davom ettirilishi, ichki ishlar xodimlarining mehnatini munosib qadrlash, zamonaviy ish sharoitlari bilan taʼminlash, malakali kadrlar tayyorlash masalalari doimo eʼtibor markazida boʻlishi taʼkidlangan.

    Davlatimiz rahbari ichki ishlar organlari xodimlariga tinchlik va xavfsizlik yoʻlidagi sharafli va masʼuliyatli xizmatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.