Sherzod Kudbiyev: “Davlat soliq xizmati organlari faoliyati endi yanada shaffof!”

    Raqamlashtirish 1 Dekabr 2022 2858

    Davlat soliq qoʻmitasi raisi Sherzod Kudbiyev oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida soliq organlari faoliyatiga doir koʻrsatkichlar boʻyicha axborotlar muntazam eʼlon qilib borish amaliyoti yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi.

    “Raqamli iqtisodiyotga oʻtar ekanmiz, demak, har bir jarayon boʻyicha raqamlarda ifodalangan koʻrsatkichlarni ochiq eʼlon qilishimiz zarur.

    Soʻnggi paytlarda soliq organlari soliq maʼmurchiligini raqamlashtirish boʻyicha katta yoʻlni bosib oʻtdi va bu borada hali koʻp ishlarni qilishimiz lozim.

    Shu bilan birga, bugungi kunda soliq organlari jarayonlarni avtomatlashtirish hisobiga olingan maʼlumotlarni ochiq eʼlon qilishga tayyor. Shu munosabat bilan, Davlat soliq qoʻmitasi soliq organlari faoliyatiga doir koʻrsatkichlar boʻyicha axborotlarni muntazam eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻymoqda.

    Eng asosiysi, ushbu maʼlumotlar har oyda davriy ravishda eʼlon qilib boriladi hamda ular jamoatchilikka soliq maʼmurchiligining strukturasi va dinamikasini koʻrish, ularning ijobiy va salbiy tendensiyalarini kuzatib borish imkonini beradi.

    Shunday ekan, soliq maʼmurchiligiga oid koʻrsatkichlar nafaqat soliq organlari, balki butun jamoatchilik uchun qiziqarli va foydali maʼlumotlar hisoblanadi. Joriy yilning 1-dekabridan eʼtiboran har kuni eʼlon qilinadigan axborotlarni kuzatib borishingizni va birinchilardan boʻlib soliq maʼmurchiligiga doir yangiliklardan xabardor boʻlishingizni tavsiya qilamiz”.