Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida boʻlib oʻtayotgan World Government Summit xalqaro anjumani doirasida “Global Councils On SDGs” mavzusidagi sessiya tashkil etildi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov oʻz nutqi bilan ishtirok etdi.
Ushbu sessiyada BAA Hukumatni rivojlantirish va kelajak boʻyicha davlat vaziri, SDG Global Kengashlar Prezidenti Oxud Xalfan Al Roumi soʻzga chiqib, davlatlarni Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda eng yaxshi yechimlarga, oʻzaro xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga va vaqtni samarali taqsimlashga eʼtibor qaratish lozimligini taʼkidladi.
Shuningdek, u Sherzod Shermatov 2026-yil yakuniga qadar Kengashning Barqaror rivojlanish maqsadi “Sanoat, innovatsiya va infratuzilma” (SDG9) boʻyicha hamraisi etib saylanganligini eʼlon qilib oʻtdi.
SDG9 – bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan 2015-yilda qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDGs – Sustainable Development Goals) tarkibiga kiradi.
SDG9 global miqyosda sanoat rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, innovatsiyalarni ragʻbatlantirish va infratuzilmani yaxshilash orqali iqtisodiy oʻsishga hissa qoʻshishni maqsad qilgan.
Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov bugungi kunda raqamli iqtisodiyotning oʻsishi tobora jadal surʼatlarda davom etayotgani, rivojlanayotgan mamlakatlar ilgʻor texnologiyalarni noldan joriy qilish orqali tezroq rivojlanish imkoniyatiga ega boʻlishi, bu jarayonda xalqaro hamkorlikning oʻrni beqiyosligini taʼkidladi.
«Shuningdek, bugungi dunyoda demografik oʻzgarishlar muhim ahamiyat kasb etayotgani, rivojlangan mamlakatlarda aholi soni qisqarib, keksayish jarayoni davom etayotgan boʻlsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholi oʻsish surʼati yuqori.
Bu esa mehnat bozorida katta oʻzgarishlarni keltirib chiqarmoqda. Ishchi kuchiga ehtiyoj ortib borayotgan bir paytda, koʻplab mamlakatlarda migratsiya boʻyicha chora-tadbirlar koʻrilmoqda. Shu bois, rivojlanayotgan mamlakatlar masofaviy ishlashni kengaytirish, BPO va KPO xizmatlari imkoniyatlarini oshirishlari juda muhimdir», – dedi vazir Sh. Shermatov.
Shuningdek vazir bunga parallel ravishda rivojlanayotgan mamlakatlarda onlayn taʼlim platformalarini rivojlantirish ham ustuvor vazifalardan biri ekanini qoʻshimcha qildi. Barcha yoshlar ilgʻor taʼlim resurslariga kirish imkoniyatiga ega boʻlishlari kerakligini taʼkidladi.