«Bir narsani bilinglar – sunʼiy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, oʻzbek tilini mukammal darajada tushunishi zarur», – dedi davlat rahbari.
Lekin oʻzbek tilidagi adabiyotlar, maʼlumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarning aksariyati raqamlashmagani, elektron shaklga oʻtkazilganlari ham har xil manbalarda saqlanayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Vazirlar Mahkamasiga barcha vazirlik va idoralarning oʻzidagi maʼlumotlarni elektron formatga oʻtkazish grafigini tasdiqlatish, Raqamli texnologiyalar vazirligiga esa sunʼiy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni oʻzida ifodalay olishi uchun “Oʻzbek tili korpusi”ni yaratish topshirildi.
2026-yil yakuniga qadar katta hajmdagi raqamli maʼlumotlarni bir joyga jamlab, ularni qayta ishlash, tahlil qilish, foydalanish imkonini beradigan “Data Lake” platformasini ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.









