Shu munosabat bilan 8-iyulda Bosh kotib saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev bilan uchrashdi.

Suhbat avvalida Z.Nizamxodjayev Oʻzbekiston va SHHT oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni, jumladan Oʻzbekiston vakillari SHHTning ishtirokchi mamlakatlardagi parlament va prezident saylovlaridagi missiyasida muntazam ishtirok etib kelayotganliklarini yuqori baholab, saylov tizimida amalga oshirilgan islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Xususan, joriy yilda “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinganligi, ushbu hujjat bilan bir qator qonunlar qatorida Konstitutsiyaga ham oʻzgartirishlar kiritilganligi, shuningdek “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi yangi qonuni bilan ham saylov tizimiga qator yangiliklar joriy qilinganligi qayd etib oʻtildi.

Taʼkidlanganidek, endilikda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlar faqat sud tomonidan koʻrib chiqilishi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi aʼzolari sonini koʻpaytirish, saylov byulleteniga kiritiladigan nomzodlar haqidagi maʼlumotlarni kamaytirish borasidagi qoidalar ham yangi qonunda belgilangan. YEXHT DIIHB missiyasining tavsiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan mazkur qoidalar saylovlarning xalqaro standartlar va zamonaviy tendensiyalar asosida oʻtishini taʼminlashga xizmat qilishi alohida eʼtirof etildi. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizamxodjayev Bosh kotib V.Norov va SHHT kuzatuvchilar missiyasini boʻlajak prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga taklif etdi.

Oʻz oʻrnida V.Norov yuqorida qayd etib oʻtilgan oʻzgarishlar va taklifdan mamnun ekanligini bildirar ekan, muhim siyosiy jarayonlarni kuzatishda SHHTga aʼzo mamlakatlarning yetakchi ekspertlarini jalb etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Shuningdek, SHHT faoliyati, xususan, Markaziy Osiyo mintaqasini rivojlantirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, Buyuk ipak yoʻli qayta tiklanishini faollashtirish, Xitoyning tashqi siyosati, elektron tijorat boʻyicha tajribasi xususida ham qisqacha toʻxtalib oʻtdi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.

Bosh kotib pandemiya sharoitiga qaramasdan dunyo hamjamiyati saylovlarni demokratik va xavfsiz tarzda oʻtkazishga intilayotganini va bunda jamiyat aʼzolarining ham faolligi kuzatilayotganligini alohida eʼtirof etdi.

Konstruktiv va samimiy oʻtgan muloqot soʻnggida tomonlar hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlashga kelishib oldilar.