Xabaringiz bor, joriy yil 19-21-may kunlari poytaxtimiz Toshkent Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT)ga aʼzo davlatlarning jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga masʼul vazirlik va idoralari rahbarlarining yigʻilishiga mezbonlik qiladi.
Shu munosabat bilan SHHTga aʼzo mamlakat masʼullarining yurtimizga kelishi davom etmoqda. Xususan, Sportni rivojlantirish vazirligi xabariga koʻra, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri Oleg Matitsin, Qozogʻiston madaniyat va sport ishlari vaziri oʻrinbosari Serik Jarasbayev rahbarligidagi delegatsiyalar poytaxtimizga yetib keldi.
Yuqori martabali mehmonlarni Adham Ikramov boshchiligidagi Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddilari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida iliq qarshi oldi. Mehmonlar boʻlajak yigʻilish jismoniy tarbiya va sport rivojiga salmoqli hissa qoʻshishini alohida taʼkidladi.
Mazkur yigʻilish kun tartibidan kelgusida rejalashtirilgan yuqori darajadagi sport musobaqalarini tashkil etishda hamkorlikni rivojlantirish, SHHT davlatlari oʻrtasida sport sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, davlatlar va hududlararo aloqalarni mustahkamlash masalalari joy olgan.