Inson oyoqlari murakkab anatomik tuzilishga ega. Uning bir panjasi 26 ta suyak va koʻplab boʻgʻimlardan tarkib topgan. Notoʻgʻri tanlangan poyabzal ana shu suyak va boʻgʻimlarning deformatsiyalanishiga olib keladi.
Xoʻsh, yangi oʻquv yili arafasida oyoq kiyim sotib olayotgan oʻquvchi va talabalar, ularning ota-onalari qanday tavsiyalarga amal qilishlari kerak?
Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qoʻl-oyoq xirurgiyasi boʻlimi ilmiy rahbari Shavkat Ravshanov bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
— Poyabzal tanlash — nozik va oʻta masʼuliyatli jarayon, — deydi mutaxassis. — Masalan, poshnasiz, yaʼni tekis taglikli oyoq kiyimlardan uzoq vaqt foydalanish yassioyoqlik, plantar fassiitni keltirib chiqarishi mumkin.
Baland poshnali poyabzal ham maqbul tanlov emas. Uni kiygach, tana vazni oyoq yuzasiga notekis taqsimlanadi. Oqibatda ogʻirlik markazi oldinga siljib, bunday yuk uchun moʻljallanmagan metatarsal suyaklar va oʻsha qismdagi boʻgʻimlar zararlanadi.
Bu holat mayda yoriqlar paydo boʻlishi, boʻgʻimlar yalligʻlanishi hamda nerv tomirlarining siqilishiga olib keladi. Bundan tashqari, yassioyoqlik va barmoqlar deformatsiyasi shakllanadi.
“Vaqt oʻtgach kengayadi”, degan fikrda tor poyabzal kiyish ham salomatlik uchun ziyon. Oyoqlarda qon aylanishi buziladi. Tirnoqlar ingichka va moʻrt boʻlib teri ichiga oʻsadi. Bu esa zamburugʻli kasalliklar uchun qulay “nishon”. Oʻz navbatida, oyoq ichida “oʻynab qoladigan” keng poyabzallar ham zararli.
Sunʼiy charm va matodan ishlangan oyoq kiyimlar esa namlik va issiqlik almashinuvini izdan chiqarib, allergik reaksiyalarni paydo qilishi ehtimoli katta.
Qattiq taglikka ega poyabzallar amortizatsiya xususiyatiga ega emas. Oqibatda umurtqa pogʻonasi zoʻriqib, intervertebral disklarning patologiyasi, radikulit kasalligi rivojlanishi xavfi oshadi.
Yupqa taglikli poyabzallardan uzoq muddat foydalanish ham oyoqlar yassiligi, tovonlar yorilishi, bel churrasi va artrozga olib kelishi mumkin.
Oyoq kiyim tagliklari birmuncha yumshoq va egiluvchan boʻlgani durust. Bu mahsulot sifatli ekanligini ham anglatadi. Muhimi, oyoqni toliqtirmaydi va zoʻriqtirmaydi.
Ertalab — yangi poyabzal sotib olish uchun maqbul payt emas. Chunki kun davomida harakatlangach, kechga borib oyoqlar biroz shishadi. Natijada tanlangan tufli, botinka, etik yoki krossovka oyogʻingizni siqishi mumkin.
Agar bolaning oyoq tuzilishida muammolar (yassioyoqlik, maymoqlik) boʻlsa, shifokor maslahatiga koʻra maxsus ortopedik poyabzallar yoki tagliklar tanlanishi maqsadga muvofiq.