Gulbahor JO'RAYEVA, Namangan tumani, “Xonobod” MFYda yashovchi fuqaro:

- Uzunqishloqda tug'ilganman. Ikki o'g'lim bor. Farzandlarim onam qaramog'ida. Turmush o'rtog'im chet elda mehnat qilyapti. Tuman tibbiyot birlashmasining xirurgiya bo'limida farrosh bo'lib ishlayman. Shu bois, sohamizdagi katta ijobiy o'zgarishlarga shaxsan guvohman. O'tgan yili tug'uruq davridan so'ng surunkali buyrak yetishmovchiligi va kamqonlik xastaligi bilan og'rib qoldim. Shikoyat bilan kelganimda darrov aniq tashxis qo'yishdi va muolajani boshlashdi. Vaqti-vaqti bilan mutaxassislar ko'rigiga uchrab turibman. Muhim tavsiyalarga qat'iy rioya etsam, Xudo xohlasa, albatta, tuzalib ketishimga umidim, ishonchim yuqori va ruhim baland.

Davlatimiz, hukumatimiz rahbariyati, hokimliklar mutasaddilari tomonidan alohida e'tibor berishyapti, bepul ukol-dorilar bilan ta'minlashyapti. Rosti, juda yaxshi qarashyapti, rahmat. Fursatdan foydalanib, gemodializ bo'limidagi mehribon va tajribali shifokorlarga, barcha fidoyi xodimlarga o'zim va oilamiz nomidan cheksiz minnatdorligimni bildirmoqchiman. Oq xalatli xaloskorlar haqqiga erta-yu kech duodaman. Salomatligimni tiklash uchun esa astoydil harakatdaman.

Taqdir taqozosi bilan navbatdagi rejali davolanishim saylov kuniga to'g'ri keldi. Namangan shahar markaziy shifoxonasi yaqinida 41-saylov uchastkasi joylashgan ekan. Shu uchastka saylov komissiyasidan biriktirilgan mas'ul vakillar yotgan xonamizga chiqib, siyosiy xohish-irodamizni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratib berishdi. Saylov kuni men kabi 225 bemor Konstitutsiyaviy saylash huquqidan foydalandik. Betobligim sabab ko'chma quti orqali bo'lsa ham saylovda faol qatnashganimdan xursandman. To'g'risini aytsam, byulletenda shifokorlar qadrini ko'taradigan, bizdek bemorlar tezroq sog'ayishi uchun har taraflama g'amxo'rlik ko'rsatadigan Prezidentlikka munosib nomzodni belgiladim. Ilohim, O'zbekistonimizda doimo bayramlar, to'ylar nishonlansin. Hech kimning shirin joni og'rimasin, aslo dardga chalinmasin, xonadoniga har qanday kasallik va qayg'u yo'lamasin!

“Yangi O'zbekiston” gazetasi muxbiri Orifjon JO'RAYEV yozib oldi.