Shifokorlar saʼy-harakati bilan 101 yoshli otaxon koronavirusdan sogʻaydi

    Salomatlik 30 Aprel 2021 927

    Shu yilning 20-aprel kuni Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 1920-yilda tugʻilgan oqqoʻrgʻonlik urush va mehnat faxriysi, fuqaro F.N. ogʻir ahvolda olib kelindi.

    Yaqinlari bilan oʻtkazilgan suhbatdan shu narsa ayon boʻldiki, bemorda soʻngi 4 kun davomida kasallik belgilari – yoʻtal, tana, ayniqsa oyoq-qoʻllarning qaqshab ogʻrishi, tana haroratini febril darajagacha oshishi, charchoq, holsizlik, nafas olishning qiyinlashuvi, hansirash, yurak urishining tezlashishi, ishtahasizlik belgilari kuzatilib, soʻngi ikki kunda bu belgilar yana-da kuchayib borgan. Bemorda oʻtkazilgan PZR testi natijalari musbat chiqqan, rentgen tekshiruvlarida oʻpkaning surunkali obstruktiv bronxoektatik kasalligi, pnevmoskleroz hamda oʻng tomonlama zotiljam aniqlangan.

    Uyda bemorning ahvoli ogʻirlashib borgani sababli Zangiota 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Qabul boʻlimida bemor MSKT tekshiruvidan oʻtkazilganda, oʻpka toʻqimasining zararlanishi bilan «ikki tomonlama virus etiologiyali interstitsial zotiljam» tashxisi qoʻyilib, bemordan “COVID-19» infeksiyasiga ekspress-test olingan. Test natijasi unda koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish borligini tasdiqlagan. Shundan soʻng bemorga zudlik bilan davo choralarini koʻrish maqsadida u boʻlimga yotqizilgan.

    Boʻlimda bemorning yoshi ulugʻligi inobatga olinib, tezda birinchi yordam koʻrsatilgan hamda belgilangan xalqaro standartlar boʻyicha tekshiruv va davo muolajalari boshlab yuborilgan. Bemorning ahvoli ogʻir boʻlishiga qaramay, bilimli, yuqori malakali hamda oʻz kasbining fidoyilari boʻlgan shifokorlarimizning saʼy-harakatlari, oʻz vaqtida va toʻgʻri oʻtkazilgan tekshiruv va davo muolajalari asta-sekin oʻz natijasini koʻrsatib, otaxonning ahvoli kundan kunga yaxshilanib bordi. Davo muolajalarini mustahkamlash maqsadida bir qator tor soha mutaxassislari – infeksionist, pulmonolog, kardiolog, nevrologlar ham jalb qilindi.

    Shunday qilib, mamlakatimizda kasallikka qarshi toʻgʻri davo muolajalari qoʻllanilayotgani, davlatimiz tomonidan zarur dori vositalari, laborator va tibbiy tekshiruv uskunalari bilan toʻliq taʼminlangani hamda shifokorlarimizning toʻgʻri tanlangan tizimli muolajalari sabab 101 yoshli bemor otaxon koronavirusdan butkul sogʻayib, oʻz uyiga ruxsat berildi.

    — 1940-yil oʻz askarlik burchimni ado etish uchun harbiy xizmatga chaqirilib, 1945-yil Ikkinchi jahon urushidan gʻalaba bilan qaytgandim, — deydi otaxon. — Urushdan soʻng koʻp qiyinchiliklarni boshimdan oʻtkazdim. Shukrki, Yaratgan mana shunday goʻzal kunlarga yetkazdi. Ilohim, bugungi farovon hayotimizga, yurtimizdagi tinchlikka hech qachon koʻz tegmasin. Meni mehr va eʼtibor bilan davolab, oyoqqa turgʻizgan shifokor va hamshiralardan mingdan-ming minnatdorman. Baraka topishsin!

    Taʼkidlash joizki, 101 yoshli otaxon kabi kuniga yuzlab koronavirusga chalingan, ahvoli ogʻir va oʻta ogʻir boʻlgan bemorlar shifokorlarimizning fidoyiligi sabab sogʻayib, oʻz uylariga qaytmoqda.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi

    Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.