Tadbirda Toshkent shahar mahallalarining faol fuqarolari, ziyolilar, mehnat faxriylari, oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etishdi.
– Taʼkidlash joizki, oxirgi besh yil davomida mamlakatimizda yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan kitob targʻiboti, kutubxonalar faoliyati, kitobxonlik, mutolaa madaniyatini oshirishga qaratilgan masalalar davlat siyosati darajasiga koʻtarildi, bir soʻz bilan aytganda olib borilayotgan islohotlar bizga tom maʼnodagi 3 ta muqaddas tushunchalarni yaʼni, kitob, kutubxona va kitobxonlikni qaytarib berdi, – deydi Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori Hafiza Karimova. – Toshkent shahar “Bilim” axborot kutubxona markazi tomonidan keng aholi qatlamlari va ayniqsa yoshlarimizning uyda qolishi, boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan chora tadbirlar asosida faoliyat olib bormoqdalar. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan Olmazor tumanida A.Qodiriy va A.Choʻlpon nomli kutubxonalar binosi qurib bitkazildi. Asosiy maqsad kutubxonalarning poytaxt maktablari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish, Abdulla Qodiriy va Choʻlpon ijodini yoshlarga chuqurroq oʻrgatish zarurligi, aholining dam olishi uchun qulayliklarni zamon talablari darajasiga oshirish, bir soʻz bilan aytganda, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashishdan iboratdir. 2019-yil 13-yanvarda ushbu kutubxonalar Toshkent shahar “Bilim” Axborot-kutubxona markazi tasarrufiga berilganligi poytaxt aholisiga va ayniqsa yoshlarga berilayotgan yuksak imkoniyatlar eshigini ochdi.
Ishtirokchilar “Muhokama soati”da keyingi paytda mahallalarga bevosita kitobxon xonadonlarga kirib borayotgan koʻchma kutubxonalar va ularning faoliyatidagi yutuqlar va kamchiliklar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Shuningdek, Axborot-kutubxona markazining tashabbuskor xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida” qarori qabul qilinishi sohaning yana-da taraqqiyotga yuz tutishiga asos boʻlganligini taʼkidlashdi.
Tadbir soʻnggida “Sevimli qahramon” toʻgaragining aʼzolari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishlari ishtirokchilar eʼtiboriga havola qilindi.
Gulnoza HASANOVA,
Toshkent shahar “Bilim”
axborot-kutubxona markazi
yetakchi mutaxassisi