Oʻn sakkizta vazirlik va idoralar, viloyat, tuman sektorlari, sohaviy tashkilotlari rahbarlari va vakillari ishtirokida ishchi guruhlar va tezkor shtablar tuzilib, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy holat oʻrganilmoqda.
“Mahallabay” yurib, uyma-uy aholi muammolarini oʻrganish va hal etish boʻyicha ishlarni samarali tashkil etish maqsadida masʼullar ishtirokida oʻquv-seminarlari oʻtkazildi.
Bugunga qadar tomunda 50 ta mahallada 35 150 ta xonadon, 638 ta ijtimoiy soha va boshqa obyektlar toʻliq xatlovdan oʻtkazilgan.
Joylarda aniqlangan muammolarni hal etish maqsadida qator amaliy ishlar bajarildi.
Xususan, Shofirkon aholisiga 695,4 tonna qoʻshimcha suyultirilgan gaz yetkazildi. Elektr taʼminotini yaxshilash maqsadida 89 ta temir beton tayanchlar, 15 dona yangi transformatorlar oʻrnatildi, 4 ta transformator taʼmirlandi. Ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 14 ta mahallada ishlar boshlangan boʻlib, hozirga qadar 24 km tarmoq tortish ishlari yakunlandi. Jami 49,8 km yoʻllar taʼmirlandi. Shundan, 6,1 km yoʻl asfalt qilindi, 39,7 km ichki yoʻllarga shagʻal yotqizildi, 4 km yoʻl betonlashtirildi.
“Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 481 nafar fuqaroga 13,0 mlrd. soʻm imtiyozli kreditlar ajratildi. 640 nafar fuqaroga 1,7 mlrd. soʻm subsidiya ajratildi.
425 nafar fuqarolarning bandligiga koʻmaklashildi. Shundan, 295 nafari doimiy ish bilan taʼminlandi, 32 nafari haq toʻlanadigan jamoat ishlariga jalb etildi, 68 nafar fuqaro kasb-hunarga oʻqitildi, 30 nafariga ishsizlik nafaqasi tayinlandi.
“Ayollar daftari”ga kiritilgan 395 nafar ayollarga turli yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, 35 nafar xotin-qizlarga tikuv mashinalari, 20 nafariga inkubator, 51 nafar ayollarga mini pechlar berildi, 18 nafar ayollarga uy-joy taʼmiri uchun koʻmak berildi.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 84 nafar yoshlarga turli yordamlar koʻrsatildi. Jumladan, 57 nafar yoshlarga kontrakt toʻlovlari toʻlab berildi, 15 nafariga tikuv mashinasi berildi, 6 nafar fuqaroga davolanish harajatlari qoplab berildi.
Ishlar davom ettirilmoqda.