Shohruh Davlatov marafon dasturida Parij-2024 yoʻllanmasiga ega boʻldi

    Sport 4 Dekabr 2023 1103

    Yengil atletika boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi, yarim marafon boʻyicha milliy rekord sohibi Shohruh Davlatov marafon dasturida (42 km, 195 metr) Parij-2024 Olimpiada normativini bajarishga muvaffaq boʻldi.

    Hamyurtimiz Ispaniyada oʻtgan nufuzli “Valencia Marathon Trinidad Alfonso” musobaqasidagi natijasi orqali 4 yillikning eng nufuzli musobaqasida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldi.

    Davlatov mazkur turnirda 2:07:02 (2 soat, 7 daqiqa, 2 soniya) natija qayd etdi. Bu Parij-2024 Olimpiadasi uchun qoʻyilgan talabdan 1 daqiqa, 8 soniya yaxshiroq natija.

    Shuningdek, Shohruh ushbu koʻrsatkich bilan 38 yil avval oʻrnatilgan milliy rekordni (2:13:28) ham yangilashga muvaffaq boʻldi. Valensiyadagi nufuzli musobaqada Davlatov umumiy hisobda 19-oʻrinni egallagan.

    Shuni alohida taʼkidlash oʻrinliki, surxondaryolik atletimiz ushbu natijaga erishish uchun soʻnggi ikki yil ichida bir necha oy dunyoning eng kuchli marafonchilari yetishib chiqqan Keniyada oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etdi.

    Bu Oʻzbekiston delegatsiyasining Parij-2024 Olimpiadasiga qoʻlga kiritgan 15-yoʻllanmasi.