Oʻzbekistonga bahor xalqimizning sevimli shoirasi Zulfiya tavalludi sanasi bilan bir vaqtda kirib keladi. “Har bahorda shu boʻlar takror, Har bahor ham shunday oʻtadi”. Oʻzbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova 110-yil muqaddam bahorning ilk kuni Toshkentdagi Oʻqchi mahallasida tavallud topgan.

“Baxtim shu — oʻzbekning Zulfiyasiman” deya millatimizni avj pardalarda tarannum etgan shoiraning nazmga, soʻzga, adabiyotga muhabbati bolaligida oilasidagi muhit sabab paydo boʻlgan boʻlsa, ajab emas. Bunda, ayniqsa, onasi Xadichabegimning oʻrni katta.

“Onamning qanchadan-qancha qoʻshiq va afsonalarni bilishiga aqlimiz bovar qilmasdi. Bu sehrli afsona va dostonlar bizga benihoya huzur bagʻishlar, oʻziga rom qilib olar, har safar yangi jilva kasb etar edi.

Hozirgidek charogʻon davrda yashasa, onam yo shoira, yo olima boʻlardi. Shunga aminmanki, moʻjizalar yaratishga qodir, jahonni koʻzga keng ochuvchi, insonni goʻzallik sari yetaklovchi soʻzga shaydolik hissini mening qalbimda maktab koʻrmagan ana shu onam uygʻotgandi”, deb yozgan edi adiba tarjimayi holida.

Zulfiya vafot etgan yili 25-26 yashar nav­qiron yigit edim. Matbuot, xususan, jurnalistika nonini totayotganimga bir necha yil boʻlganiga qaramay, shoirani koʻrish, bir zum boʻlsa-da, hamsuhbat boʻlish, oʻgit va pandlaridan bahra olish nasib qilmagan. Lekin u bilan birga ishlagan, ona-bola, ustoz-shogird tutingan, shoiraning etagidan mahkam ushlagan siymolar gurungini, shirin xotiralarini tinglaganman. U haqdagi bitiklarni nazardan qochirmasdan kuzatib borishga harakat qilaman.

Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning 1984-yili yozilgan “Shoiraning hayot qoʻshigʻi” maqolasida quyidagi jumlalarga koʻzim tushdi: ­“Zulfiyani shoir qilgan oʻz dardli qismati va bu dardli qismat haqidagi samimiy va ehtirosli nidosi. Ulugʻlardan biri aytgan ekan: “Shoirni iztirob yaratadi va bu iztirob sheʼriyat uchun quvonch boʻladi”. Bu soʻzlar bus-butun shoira Zulfiyaga taalluqlidir. Shoirani dunyoga keltirgan ulugʻ iztirob oʻz aksiyati boʻlgan ulugʻ baxtni ham yaratdi. Bu ulugʻ baxt toʻla toʻkis xalq va sheʼriyatnikidir. Sheʼriyat olamiga har bir ijodkor oʻz qoʻshigʻi bilan kirib keladi. Zulfiya sheʼriyatga vafo qoʻshigʻi bilan kirdi. Va bu qoʻshiq ayol sadoqatining yuksak tarannumiga aylandi... Zulfiya singari siymolar xalqning baxti boʻlib yaraladilar. Bu baxt, avvalo, oʻzbekniki, Oʻzbekis­tonniki, soʻngra esa dunyoniki”.

Oʻzbekiston Qahramoni, munaqqid Ibrohim Gʻafurov esa bunday deydi: “Zulfiyaning siymosida soʻz bilan ifodalanmagan, aytilmagan qimmatlar chamasi, aytilgan va ifodalanganlaridan beqiyos koʻp. Uni oʻrtagan, qiynagan, ogʻir ­iztiroblar iskanjasiga solgan hollar — uni erkalagan, sharaflagan, ardoqlagan, sheʼriyat gultojini boshiga kiydirgan hollardan koʻproq edi.

Shodiyonada qaygʻu, qaygʻuda shodiyona omuxta edi. Va bunga oʻsha zamonada chora, davo, xalos yoʻq edi. U “birlik, birodarlik bor yerda yuksalish bor”, deb oʻtdi. Va oxirida: “Asl ustozim — hayotning oʻzi edi”, dedi va baxtiyor, begʻubor, injuday bolaligiga qaytdi. Yana oʻn yetti yoshdagi oʻz “hayot varaqlari”ga tugal sodiq qoldi. Qabariq yulduz bolaligining musaffo osmoniga koʻtarildi”.

Olam tanigan qirgʻiz yozuvchisi Chingiz Aytmatov ham Zulfiyaxonim ijodining muxlisi boʻlganini yashirmaydi. Uning bir maqolasida quyidagilarni oʻqish mumkin: “Oʻzbek shoirasi Zulfiyaning qutlugʻ qadami tufayli Sharq adabiyotiga sanʼatkor ayol kirib keldi, yosh va iqtidorli shoirlar butun bir pleyadasining ovozi baralla yangray boshladi. Zulfiya faqat oʻz sheʼrlarida gavdalangan toʻla-toʻkis ayol emas, balki u mukammal shaxs hamdir. Oʻz zamonida shakllanib, kamolga yetgan shaxs. Poeziya Zulfiya uchun hech qachon shunchaki mashgʻulot boʻlgan emas”.

Jurnalning “egasi”

Rahmatli buvim kirill, lotin, eski oʻzbek, arab yozuvlaridagi bitiklarni birdek mutolaa qilardi. Umrining poyoni — 84 yoshigacha qoʻlidan gazeta-jurnal, kitob tushmagan. Uyimizga kundalik gazetalar qatori “Sharq yulduzi”, “Mushtum”, “Saodat” jurnallarining har bir soni uzluksiz kelardi. Ularning birinchi oʻquvchisi buvim, soʻng otam, keyin biz boʻlardik.

Yodimda: otam gazetalarga obuna boʻlardi. Pochtachi ularni har kuni eshigimiz tirqishiga qistirib ketardi. Jurnallarni esa mahallamiz guzaridagi — buvimning tili bilan aytganda — “kiyoska”dan men olib kelardim. Oy boshida buvim otamga “Oʻgʻlingni “kiyoska”ga gʻizillat, jurnallar kelgandir”, derdi. Bu — ­“pulini ber”, degani edi. Men keltiradigan jurnallar orasida, albatta, “Saodat” ham boʻlardi.

10-11 yoshlarda boʻlsam kerak, bir kuni “Saodat”ni qoʻlimga olib, muqovasidagi mashhur hind aktrisasi va ichki ­sahifalaridagi “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali” haqidagi maqolaga ilova qilingan rangli suratlarni uzoqroq tomosha qilib qolibman (Bu yoshda qaysi bola maqola matnini oʻqiydi, faqat suratlarni tomosha qiladi-da).

— Hadeb suratlarga mahliyo boʻlavermay, yozilganlarini ham oʻqisang-chi, bola, — dedi yonimda boshqa nashrni nazaridan oʻtkazayotgan buvim. — Mana bu yaxshi maqolalar, sheʼrlarni oʻqisang, aqling kiradi. Senga keladigan “Gʻuncha”, “Gulxan”lar oʻz yoʻliga. Bu jurnal Zulfiyaxonimniki-ya! Mana, qaragin...

Buvim barmogʻi bilan koʻrsatgan joy — jurnalning oxirgi sahifasi past burchagida “Redaktor Zulfiya Isroilova” degan yozuvga koʻzim tushdi.

— Buvi, “redaktor” nima degani?

— Redaktor shu jurnalning “egasi-da”.

Shundan keyin “Boshqa nashrlarning “egasi” kim ekan?” deb qiziqadigan boʻldim. Yoshim ulgʻaygani, oradan 4-5 yil oʻtib, oʻzim ham nimalardir qoralaydigan boʻlganim sayin gazeta va jurnallarning nufuzida ularning “egasi” katta ­ahamiyat kasb etishi, xalq, oʻquvchi, mushtariy mehriga musharraf boʻlishida muharrir mahorati va jasorati yetakchi oʻrinda ekanini anglay boshladim.

Shu maʼnoda, oʻsha bolalik chogʻimda koʻz ochgan tafakkur bilan “Saodat”ning uzoq yillardan beri nafaqat xotin-qizlar, balki xalqimiz uchun sevimli boʻlib kelayotgani zamirida Zulfiyaxonim shaxsi mujassam, degim keladi.

“Koʻzlarimda yonar jonli oʻt”

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida moʻjizaviy nazm boʻstoni barpo etilgan. Bu — muhtasham Adiblar xiyoboni majmuasi. Maskanga keluvchi ilm ahli, ijodkorlar, yoshlar, keksalar, boshqa kasb egalari tevarakka oʻzgacha ruh baxsh etib turgan ulugʻ ustozlarimizning tafakkur dunyosiga, maʼnaviy merosi va hayotiga yangicha qiziqish, mehru muhabbat bilan murojaat qiladi. Ularning hayoti va ijodi mavzusi xiyobonda oʻtkazilayotgan mushoira kechalari, maʼnaviyat soatlari, mahorat darslari, davra suhbatlari, musiqa oqshomlarida baralla yangraydi.

Bu yerga haykali qoʻyilgan ulugʻ adiblar qatorida Zulfiyaxonim ham bor. Adiba sheʼrlarini xalqimiz, oʻzbek ayollari bagʻriga bosib, sevib oʻqiydi. Zulfiyaxonimga oʻxshashni istaydi, unga havas qiladi. Yorugʻ, dardli satrlaridan oʻz dardlariga malham oladi. Shoira ana shunday — soʻz tufayli millionlab insonlar qalbida muhabbat uygʻota olgan.

Soʻz buyuk neʼmat ekanini shoira ijodi orqali, shogirdlari va muxlislariga, kelajak yosh avlodlarga otashin muhabbat va hijron azobini kuylashda charxlangan oʻtkir qalami bilan isbotladi. 1944-yili xalqimizning otashin shoiri, vatan va muhabbat kuychisi Hamid Olimjondek umr yoʻldoshidan ayrildi. Zulfiyaning turmush oʻrtogʻi xotirasiga bagʻishlab bitgan “Hayot jilosi”, “Oʻrik gullaganda”, “Xayollar”, “Sogʻinish” va boshqa toʻplamlaridan joy olgan sheʼrlari tuygʻular, falsafiy umumlashmalar hayotga muhabbat ruhi bilan sugʻorilgan sheʼrlar turkumiga kiradi.

Deydilarki, seni koʻrganda

Koʻzlarimda yonar jonli oʻt,

Oʻsha oʻtning yolqinlarida

Sendan oʻzga bor narsa unut.

Mudom dilga sodiq koʻzlarim

Haqiqatni koʻmishi qiyin.

Koʻzlarimda, qonimda kezgan

Oʻsha sevinch, oʻsha olov sen.

“Hayot varaqlari” nomli ilk kitobi bilan Hamid Olimjondek shoirning nazariga tushgan Zulfiyaxonim oʻz dardlarini oʻzi yelkalagan holda oʻzgalar baxtidan baxtli boʻlib yashadi.

2017-yil noyabrida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Jizzax shahrida ijodkor juftlik hayoti, ijodi, faoliyati va sadoqati timsoli sifatida atoqli va isteʼdodli shoirlar — Hamid Olimjon va Zulfiyaning xotira muzeyi ochildi. Shuningdek, viloyatda ular nomidagi ijod maktabi tashkil etildi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan 2022-yilda Hamid Olimjon va Zulfiya hayotiga bagʻishlab “Muhabbat bahori” badiiy filmi suratga olindi.

Orzular ijobati

Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, turli sohada imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishi uchun sharoit yaratish, ijtimoiy hayotda faollik koʻrsatayotgan xotin-qizlarni munosib ragʻbatlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayollarga turli sohalarda imtiyoz va imkoniyatlar yaratish uchun koʻplab tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bu tashabbuslar xotin-qizlarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va siyosiy hayotda faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan. Imkoniyatlar ragʻbatga aylanib, barcha sohada xotin-qizlar ulushi, faolligi ortib bormoqda.

Jumladan, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti taʼsis etilib, har yili 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami arafasida iqtidorli qizlarga taqdim etilishi mana shu eʼtibordan darak. Bu mukofot adabiyot, madaniyat, sanʼat, fan, taʼlim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun beriladi. Mukofot sohibalari boʻlgan maktab, litsey, kollej ­oʻquvchilari tanlagan yoʻnalishi boʻyicha oliy oʻquv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinadi.

2017-yilgacha ushbu mukofot bilan har bir hududdan 1 nafardan jami 14 nafar 14 yoshga toʻlgan va 22 yoshdan oshmagan iqtidorli xotin-qiz taqdirlangan boʻlsa, 2018-yildan iqtidorli qizlar safini kengaytirish, faolligini oshirish maqsadida har bir hududdan 2 nafardan jami 28 iqtidorli xotin-qiz taqdirlanmoqda va yosh chegarasi 22 yoshdan 30 yoshgacha uzaytirilgan.

2024-yilda mazkur mukofot bilan taqdirlash jarayoni yanada takomillashdi. Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 7-fevraldagi tegishli farmoni bilan xotin-qizlar oʻrtasida raqamli koʻnikmalarni shakllantirish, axborot texnologiyalari sohasi, jumladan, IT xizmatlari koʻrsatish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqishdagi ulushini oshirish, axborot texnologiyalari yoʻnalishida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlarni munosib taqdirlab borish maqsadida axborot texnologiyalari yoʻnalishi 8-yoʻnalish etib kiritildi. Demak, 2025-yilda ilk bora axborot texnologiyalari yoʻnalishi boʻ­yicha Zulfiya nomidagi davlat mukofoti munosib­larga taqdim etiladi.

Taʼsis etilgandan buyon shu kunga qadar mukofot bilan ijtimoiy faolligi va isteʼdodi bilan tengdoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotgan 452 iqtidorli xotin-qiz taqdirlangan. Taʼsis etilganiga chorak asr boʻlgan mazkur mukofot sohibalarining bugungi kundagi faoliyati, yutuqlari ham salmoqli.

Birgina sport yoʻnalishida mazkur mukofot sohibi boʻlgan Diyora Keldiyorova “Parij-2024” XXXIII yozgi Olimpiadacida oltin medalni, Svetlana Osipova kumush medalni qoʻlga kiritib, Oʻzbekiston tarixida yangi sahifa ochdi. Shuningdek, yana koʻplab xotin-qizlarimiz Osiyo, jahon va boshqa nufuzli xalqaro musobaqa va tanlovlar gʻoliblari.

Bugun sovrindorlarning 20 nafardan ortigʻi turli vazirlik, idora va tashkilotlarda turli rahbarlik lavozimlarida ishlaydi. Mukofotga sazovor boʻlganlar orasida mahalliy kengashlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari borligi ham ahamiyatli, albatta.

Xalqimizning ardoqli shoirasi nomidagi davlat mukofoti iqtidorli qizlarimiz uchun betakror ragʻbat, katta imkoniyat boʻlib qolaveradi. Zulfiyaxonim shoira, adiba, muharrir boʻlish qatorida ulkan jamoat va siyosat arbobi ham edi. Xalq ishonch bildirib, deputat etib saylagan, hukumat esa respublika xotin-­qizlar qoʻmitasining jamoatchilik asosidagi raisi va boshqa masʼuliyatli vazifalar yuklagan edi. Shoira, jamoat arbobi sifatida mamlakatimizning turli hududida xalq bilan uchrashuvlarda, muloqotlarda qatnashdi, qator xorijiy davlatlardagi xalqaro anjumanlarda ishtirok etdi.

Qismat Sharq ayolining ovozini jahon minbariga olib chiqish sharafi va zahmatini Zulfiyaxonim zimmasiga yukladi. Ayol sifatida xotin-qizlar hayotida uchrayotgan muammolar, ularni qiynayotgan masalalarga yechim topish, haq-huquqlarini taʼminlashga erishish uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Shoiraning zamon zayli bilan oʻsha davrda uddalanmay, amalga oshmay qolgan ulkan orzulari bugun roʻyobga chiqayotgan boʻlsa, ne ajab.

Nodir MAHMUDOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri