Shartnomada neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari va tabiiy gazni qayta ishlash zavodlardagi qurilmalarning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish asosiy oʻrinlarni egallagan.

Mazkur shartnoma asosida “Siemens Energy” kompaniyasi 15 yil davomida korxonaning asosiy qurilmalaridan biri boʻlgan gaz turbinasiga profilaktik va favqulodda xizmat koʻrsatishni oʻz zimmasiga oladi.

“Siemens Energy” kompaniyasi ushbu shartnoma doirasida gaz turbinasi uchun zarur ehtiyot qismlarni yetkazib berish va oʻz mutaxassislarini muntazam ravishda nazorat ishlariga jalb qilish, shuningdek, gaz turbina holatini masofadan kuzatish va shu bilan birga yogʻinni aniqlash va yongʻinni oʻchirish tizimini modernizatsiya qilish kabi bir qator ishlarni amalga oshiradi.

Bundan tashqari, majmua ishchi-xodimlarini malakasini oshirishi maqsadida Shvetsiya shahridagi “Siemens Energy” malaka oshirish markazi qoshida oʻquv kurslari ham tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

“Siemens Energy” bilan uzoq muddatli xizmat koʻrsatish shartnomasi tuzilishi keyingi 15 yil davomida gaz turbinasi va uning yordamchi uskunalarini uzluksiz ishlashini va tezkor taʼmirlashni imkonini beradi. Bu esa, oʻz navbatida texnologik jihatdan Shoʻrtan gaz kimyo majmuasiga bogʻlangan “Uzbekneftegaz GTL” zavodining ishga tushirilishi arafasida muhim ahamiyatga ega.

Taʼkidlab oʻtish joizki, “Siemens Energy” kompaniyasi gaz turbina va dvigatellari ishlab chiqaruvchi kompaniya boʻlib energetika yoʻnalishida yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya tomonidan taklif etilayotgan mahsulotlar, yechimlar va xizmatlarning keng hajmi bilan deyarli butun energiya zanjirini qamrab olgan. “Siemens Energy” yechimlari anʼanaviy va qayta tiklanadigan energiyalarni oʻz ichiga oladi. Jumladan, gaz va bugʻ turbinalari, vodorod bilan ishlaydigan gibrid elektr stansiyalari, generatorlar va transformatorlar kiradi.

Shuningdek, “Siemens Energy” kompaniyasi uchun Markaziy Osiyoda Oʻzbekiston Respublikasi asosiy bozorlardan biri hisoblanadi. 2017-yilda kompaniya tomonidan “Oʻzbekiston uchun tashabbus” keng koʻlamli hamkorlik dasturi ishga tushirilishi eʼlon qilinib, tashabbus doirasida yoqilgʻi-energetika majmui, “aqlli shaharlar” (shahar infratuzilmasini raqamlashtirish), shamol energetikasi, shuningdek, sogʻliqni saqlashni rivojlantirishda texnologik sheriklik boʻyicha qator ikki tomonlama shartnomalar imzolangan, deb xabar beradi “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ matbuot xizmati.