“Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”da 300 oʻrinli “Ishchilar shaharchasi” barpo etilyapti

    Sanoat 4 Avgust 2020 4588

    “Oʻzbekneftgaz” AJga qarashli “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” etilen va polietilen ishlab chiqaruvchi yirik korxona boʻlib, bu yerda 4 mingga (hozirda 3841 nafar)ga yaqin ishchi-xodimlar faoliyat olib boradi.

    Koronavirus pandemiyasi davrida zavod faoliyatida, aynan ana shu ishchi-xodimlarning fidokorona mehnatlari evaziga ishlab chiqarish hajmi avvalgi davrga nisbatan sezilarli darajada oshdi.

    2020-yilning 1-yarim yilligida majmua tomonidan tabiiy gazni qayta ishlash – 2 123,561 mln. kub metr (rejaga nisbatan 110,2%), gaz kondensati ishlab chiqarish – 52,989 ming tonna (rejaga nisbatan 118,5%), suyultirilgan gaz ishlab chiqarish – 59,298 ming tonna (rejaga nisbatan 109,4%), polietilen ishlab chiqarish – 66,970 ming tonna (rejaga nisbatan 109,2%), oltingugurt ishlab chiqarish – 0,510 ming tonna (rejaga nisbatan 108,5%) ga bajarilgan.

    “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi”da ishlab chiqarishdagi samaradorlikni saqlab qolish va uzluksizlikni taʼminlash maqsadida, yangi loyiha, yaʼni “Ishchilar shaharchasi” qurilishi boshlandi.

    “Ishchilar shaharchasi” jami 607 oʻringa moʻljallangan boʻlib, shundan 400 oʻrinli 48 ta xonadon, 117 oʻrinli bitta yotoqxona, 60 oʻrinli mehmonxona, 30 oʻrinli 2 ta kottej qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. Qolgan ishchi-xodimlarning vaxta rejimida ishlash borasidagi xohish va takliflari inobatga olinib, qoʻshimcha 300 oʻrinli yengil konstruksiyali yotoqxonalar qurilishi boshlandi.

    Zamon talablariga javob beradigan yotoqxonalar 2020-yilning 1-sentyabriga qadar qurib bitkazilishi koʻzda tutilgan.

    “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” tomonidan amaliyotda ilk bor, 400 nafar xodim baravar vaxta rejimida ishga jalb qilindi va bu sinov-tajriba oʻz samarasini berdi. 400 nafar ishchi-xodimlar vaxta rejimida ish boshlashdan avval, koronavirusga test topshirishadi va uning natijasi maʼlum boʻlgach, oʻz ish faoliyatlarini boshlaydi. Vaxta rejimida esa ular toʻliq izolyatsiya holatida boʻladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun olingan litsenziyaga asosan, 50 nafar tibbiyot xodimlaridan iborat, tunu kun xizmat koʻrsatuvchi poliklinika ish boshladi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazidan olingan ruxsatnomaga asosan esa, epedimiologik vaziyatni nazorat qilish uchun koronavirusga test olish laboratoriyasi tashkil qilindi.

    Taʼkidlash kerakki, infeksiya tarqalishining oldini olish, ishlab chiqarish samaradorligini taʼminlash uchun qilingan ishlarning natijasida, “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” tomonidan 2020-yilning yanvar-iyul oylari uchun eksport koʻrsatkichlari muvaffaqiyatli bajarildi. Jumladan, natural koʻrinishda 11,7 ming tonna polietilen eksport qilish topshirigʻi, 17,122 ming tonnaga (146,34%) bajarildi.

    Bundan tashqari, korxona tomonidan joriy yilning iyul oyida “Mahalliylashtirish dasturi” doirasida tomchilatib sugʻorish tizimi polimer qismlari ishlab chiqarish boʻyicha, umumiy qiymati 3,454 mlrd. soʻmlik import oʻrnini bosuvchi xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarildi va belgilangan reja bajarildi.

    “Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda barcha yoʻnalishlar boʻyicha joriy yil reja koʻrsatkichlarining soʻzsiz bajarilishi borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.