Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida yangi investitsion loyiha ishga tushdi

    Energetika 30 Oktabr 2020 944

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan “Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida mavjud uchta propan-butan aralashmasini olish qurilmasini (UPPBS-3/1,2,5) modernizatsiya qilish” investitsiya loyihasi boʻyicha qurilish-montaj ishlari yakunlanib, ishga tushirildi.

    Qiymati 49,0 million dollarga teng loyiha mavjud propan-butan aralashmasini olish qurilmalarida yiliga qoʻshimcha 61,0 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi ishlab chiqarishga va buning asosida ichki bozorda ushbu mahsulotga oshib borayotgan talabni qondirishga qaratilgan.

    Modernizatsiya ishlarida zavodni import uskunalar bilan taʼminlash maqsadida Ukrainaning “Sumskoye NPO”, Rossiyaning “KMPO”, “NIPI NG PETON”, “Elektrostandart-pribor”, Shveysariyaning “Endress+Hauser” va boshqa chet el zavodlaridan qiymati 19,7 million dollarlik siquv kompressori va uning ichki almashinuvchi qismlari, boshqaruv klapanlari (ZRA), oʻlchov va avtomatika moslamalari (KIPiA), poʻlat quvurlar, NK-16 ST turidagi gaz turbina dvigateli, kolonnalar ichki aloqa qismlari kabi uskunalar va material-texnik resurslar xarid qilindi.

    Ushbu loyiha doirasida Shoʻrtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasidagi gaz haydash agregatlarining va siquv kompressori stansiyasiga Ukrainaning “Sumskoye NPO” zavodida ishlab chiqarilgan 8 dona SPCH ichki qismlarini yangi va zamonaviylariga almashtirish ishlari olib borilgan. 2 ta S-1N va S-2N separatorlarini montaji hamda K-1 deetanizator kolonnasiga Rossiyaning “NIPI NG PETON” kompaniyasining ichki qismlarini toʻliq oʻrnatish ishlari olib borildi. Tovar parki maydonida 7 ta 200 kub/metr sigʻim uning xizmat koʻrsatish maydonchasi montaj qilindi. Laboratoriya uskunalarining montaj ishlari amalga oshirildi va “Fortek” XK tomonidan Shoʻrtan NGQCH boshqarmasi xodimlariga amaliy-oʻquv ishlari olib borildi.

    Qurilish ishlari Bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” MCHJ tomonidan bajarildi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati.