SHuhrat OTABOEV: Ko'pgina mijozlarning pul aylanmalarida qisqarishlar yuzaga kelgan

    Moliya 7 Iyul 2020 4935

    Davlatimiz rahbari tomonidan yig'ilishda banklarning transformatsiya jarayonida amalga oshirayotgan ishlarining qoniqarsizligi ta'kidlanib, ularni jadallashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

    Pandemiya sharoitida mijozlarga ko'rsatilayotgan xizmatga doir e'tirozlar bor. Ma'lumki, asosiy masalalardan biri, bu — ko'pgina mijozlarning pul aylanmalarida qisqarishlar yuzaga kelgan, umumiy iste'molning kamayishi natijasida qiyinchiliklarga duch kelinyapti.

    Bizga har bir mijoz bilan alohida mijozbay ishlab, ularning oldin olgan kreditlarini muammoga aylantirmaslik choralarini ko'rish yuzasidan topshiriqlar berildi. Hozirgi kunda banklarda o'tkazilgan stress-test esa agar ular o'z holiga tashlab qo'yiladigan bo'lsa, yil oxiriga borib muammoli kreditlar ko'payishini ko'rsatmoqda.

    Prezidentimiz bu borada qanday ishlashning aniq yo'nalishlarini ko'rsatib va masalalarni qanday hal etishni tushuntirib berdi. SHu asosda ishlarni tashkil etib, tuzilgan ishchi guruhlari bilan tuman va hududlarda har bir mijoz bilan bevosita ishlaymiz, ularning xohish-istagidan kelib chiqqan holda, kreditlar ajratib, faoliyatini tiklashga yordam beramiz.

    Hammamizga ma'lumki, 1 iyuldan boshlab yuridik shaxslarga beriladigan kreditlarning yuqori foizi — 21 foiz qilib belgilandi. Markaziy bank o'zining yangi instrumentlarini qo'llayapti. Bundan tashqari, tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tomonidan ularga kompensatsiyalar to'lab berilyapti. Davlatimiz rahbari mana shunday imkoniyatlardan foydalanishning o'zi mijozlarga katta imtiyozlar yaratishini, qarzdorligini bartaraf etish, hal qilishning vositalari mavjudligini ko'rsatib berdi.

    SHuhrat OTABOEV,

    Ipotekabank ATIB boshqaruvi raisi