Agar odam e'tibor qilmasa, yuragi urayotganini ham, olayotgan nafasini ham eshitmaydi. Axir bu tabiiy jarayon-ku, deb qabul qiladi. Temir yo'l yoqasida, aeroportga yaqin yashaydiganlarnikiga mehmonga borsangiz, “Sizlarga to'zim bersin. Bu shovqinda qanday yashaysizlar”, deysiz. Ular esa, “Bizga bilinmaydi”, deb qo'yadi.
Xuddi shunday. Nimaiki ko'p, doimiy bo'lsa, odam shunga o'rganib, ko'nikadi. Boshida hayrat uyg'otgan yangiliklar bora-bora odatiy hol bo'lib qoladi. O'zi shunday bo'lishi kerak-da, deymiz. E'tiborimizni “o'chirib” qo'yamiz. Natijada har kuni ko'payib, yuksalib borayotgan osmono'par binolarga ham shunchaki qaraymiz, lekin sinchiklab ko'rmaymiz. Televidenie, ijtimoiy tarmoq, gazetalar orqali berib borilayotgan bo'lsa-da, bir kunda mamlakatimizda qancha yaxshi ishlar bo'layotganiga ham ko'nikib qoldik. Bunga sabab o'zgarishlar ko'pligida, tezligida.
Lekin e'tiborli, hafsalali odamlarimiz unday emas. Ular bilan gaplashsangiz, “Bir insonning g'ayrati bir mamlakatni isloh qilishga etadi”, degan hikmatni eslaydi. O'zbekistondagi islohotlar shiddatidan odamning aqli shoshadi. Hamma sohada. Prezidentimizga rahmat. “Xalqim rozi bo'lsin, boy bo'lsin. O'zbekistonda kambag'al qolmasin”, deb kechayu kunduz tinmayapti. Buni hammamiz ko'rib turibmiz.
Yana bir toifa bor. “Ha, yaxshi ishlar ko'p. Davlat bo'lganidan keyin qiladi-da, ko'pning ishi bo'laveradi”, deb qo'yadi. Ularga “Kechirasiz, bu olamda nima o'z-o'zidan bo'libdi? To'yda osh eyishingiz uchun ham kimdir qoshiqni yuvib, artib, oldingizga keltirib qo'yishi kerak-ku!”, “O'z-o'zidan bo'laversa, bu o'zgarishlar nega shu paytgacha bo'lmadi?”, degingiz keladi.
Biz o'z bobolarimizning aytganlariga amal qilib yashay boshladik. Harakatga keldik. Gapdan ishga o'tdik. Chunki Zamaxshariy bobomiz aytganidek, “Harakat zaif bo'lgan joyda kuchli bilim foydasiz. Harakatsiz bilim — ipsiz kamon o'qi”. Mana, harakatdan barakat bo'layotir. Milliy yuksalish, deb otgan kamon o'qlarimiz farovonlik, baxt, degan marralarga qadalyapti.
Bu nima degani?
Keling, faktlar so'zlasin: opa-singillarimizga mehribonlik davlat siyosatiga aylandi. Xotin-qizlar kim? Sizning, mening onalarimiz, qizlarimiz, qishloqdosh, mahalladosh opa-singillarimiz. Har bir oilaning xotin-qizi bor. Xotin-qizlarga g'amxo'rlik, bu — O'zbekistondagi har bir oilaga g'amxo'rlik, degani. Ular hunarli, oliy ma'lumotli bo'lsa, oilalarimiz ham ma'naviy, ham moddiy boy bo'ladi.
Davlat oliy ta'lim olaman, kasb-hunar o'rganaman, degan opa-singillarimizga yana bir g'amxo'rlik madadini uzatdi. Prezidentimiz qaroriga muvofiq, 2022/2023 o'quv yilidan boshlab respublikadagi barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, o'rta maxsus va professional ta'lim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi, kechki ta'lim shaklida xotin-qizlarning to'lov-kontrakt asosida o'qishi uchun imtiyozli shartlarda ta'lim kreditlarini moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga davlat byudjetidan mablag' ajratishning yangi tizimi joriy etildi.
Ta'lim kreditining asosiy qismi qachon qaytariladi? Talaba xotin-qizlarimiz o'qishni tugatib, olti oy ishlab, oyligini olganidan so'ng, ettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi. Bu 4-5 million oilalarimizning shukronasi, degani emasmi?! Bu ertaga shu qizlarimiz kelin bo'lib boradigan xonadonlarning shukronasi emasmi?! Ziyoli qizlarimiz ziyoli ona bo'lib, millatimizni yuksaltiradigan ziyoli o'g'il-qizlarni tarbiyalab etishtiradi.
Xalqimiz sog'lig'i, hayot sifatini oshirishga qaratilgan mablag'lar yildan-yilga oshib borayotir. Qoraqalpog'iston Respublikasi Moliya vazirligi mutaxassisi Tojiddin Qosbugabetovning aytishicha, 2015-yilga qadar investitsiya dasturi doirasida 30 milliard so'm ajratilgan. Hozirgi kunga kelib bu raqam 1 trillion so'mgacha etgan.
Dastur doirasida Mo'ynoq aeroportini ta'mirlash uchun 105 milliard so'm, Nukusdagi Prezident maktabi uchun 74 milliard so'm, Nukusdagi tibbiyot klinikasi to'liq rekonstruktsiyasi uchun 85 milliard so'm ajratilgan.
— Nukus shahriga ajratilgan 205 milliard so'm evaziga shahar obodonlashtirilmoqda: yashil hududlar ochilib, avtomobil` yo'llari, piyodalar va veloyo'laklar qurilmoqda. Bularning barchasi Qoraqalpog'iston uchun juda quvonarli hol, — deydi Tojiddin Qosbugabetov.
Ha, bu oz mablag' emas. Lekin inson qadri, xalq roziligi undan qimmatligining isboti emasmi bu?!
Yana bir yaxshi gap. Shu paytgacha yurtimizda kadastri yo'q 2,6 million uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo'llanilar edi. 2,6 million uy-joy egasi tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uy-joyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmasdi. Ustiga-ustak uch karra soliq to'lash ularning kayfiyatini uch karra xira qilib kelayotgan edi-da.
Prezidentimiz raisligidagi videoselektor yig'ilishida bu azobga malham qo'yildi. Mamlakatimizda kadastri yo'q xonadonlarning muammolari uzil-kesil hal qilinadigan bo'ldi. YAngi qonun qabul qilinguniga qadar bu uy-joy egalariga uch karra oshirilgan soliq qo'llash to'xtatildi. Bu 2,6 million oilaning, ularning quda-andalari, qarindoshlarining shukronasi, degani emasmi?! 2,6 million yurtdoshimiz xalqparvar davlat qanday bo'lishini o'z hayotida his qildi.
Xalqimiz oqibatli, shukronali. Shukronalarini dildan tilga, qalamdan qog'ozga tushirib, atrofdagilarga aytib yuradigan obro'li, ijodkor nuroniy otaxon, onaxonlarimiz ko'p.
Olmaxon opa Otajonova ana shundaylardan biri. Oddiy, xokisor, mo'mina o'zbek ayoli. 3 farzandning onasi, 10 nabiraning buvijoni. O'rta maktabni tamomlab, tikuvchilik tsexida tikuvchi, bog'chada tarbiyachi bo'lib ishladi. Pensiyaga chiqdi. Hozir kattayu kichikning e'zozida. Mahallaning iltimosi bilan yarashtiruv komissiyasida maslahatchi bo'lib ishlab kelmoqda. Xorazmning Bog'ot tumani Nayman qishlog'ida keksalik gashtini surib, zavq, ilhom bilan yashayapti.
Olmaxon opa — mahalla ma'rifatparvari. Davralarda milliy qadriyatlarimiz, Bog'ot, Xorazm ziyoratgohlari tarixi, ajdodlardan qolgan rivoyatlarni, mamlakatimizda bo'layotgan ulug' ishlarni aytib yuradi. Opaga hech kim bu topshiriqni bermagan. O'zi, qalb da'vati, ko'ngli buyurgani uchun qiladi buni. “Men bilgan, ko'rgan, eshitganlarimni aytmasam, yoshlar qaerdan bilsin? Yoshlarning qulog'ida qolsin, deyman”, deydi opa.
Olmaxon opa mustaqilligimizning 30 yilligiga bag'ishlab kichkinagina risola chiqaribdi. O'z hisobidan. Unda ijod namunalarini, momolaridan eshitgan, ajdodlardan qolgan rivoyatlarni to'plabdi. “Shukrona” deb atabdi. Toza fikrlardagi samimiyat zilol suv bo'lib, qalbingizga bahra olib kiradi.
Olmaxon opaning she'rida hayotimiz qanday bo'lsa, shundayligicha, tasdiqlari bilan ko'rsatilgan. Hammamiz har kuni ko'rib turganimiz, Prezidentimizning jo'shqin, fidoyi ishlari, millatga xizmat manzaralari. O'qib ko'ring, nuroniy onaxonning qalb satrlarini. Qalban jo'r bo'lasiz:
O'zbekiston xalqi qalbim to'rida,
Yuragim tubida, jonim qo'rida.
Ko'zim qarog'ida, deydi Yurtboshim.
Besh yilgina vaqtda shuncha o'zgarish!
Yangi qonunlaru yangi tiklanish,
Insonning qadrini ulug'lamoqda.
Shijoati buyuk, qadami qutlug',
Ko'zlari ma'noli, xalq uchun yonar.
Qarang, xalq ichida yurar Yurtboshim.
Mahalla, ko'chalar kezib charchamay,
Rahbarlar, uxlama, xizmat qil, deydi,
Bizlarni o'ylaydi mening Yurtboshim.
Men o'zbek elining baxtli onasi
Elimizning tinchi, baxtimiz uchun,
Shukrlar qilaman Parvardigorga.
Buyuk donishmand bobomiz Zahiriddin Muhammad Bobur “Bir ne'matga bir shukr, bir shukrga bir ne'mat”, degan edi. Bu agar sizda bor bir narsaga bir shukr qilsangiz, Alloh sizga ne'matlar beraveradi, degani ekan. Shukronamiz ziyoda bo'lsin.
Muhammadjon QURONOV,
pedagogika fanlari doktori, professor