Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi

    Investitsiyalar 7 Mart 2022 1852

    Joriy yil 7-martda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi Bosh direktori Patritsiya Dansi oʻrtasida muzokaralar boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuv davomida Shveysariya va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida 2022-2025-yillarga moʻljallangan yangi hamkorlik dasturi doirasida amaldagi ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek uni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

    Shveysariya delegatsiyasi rahbari Oʻzbekiston tomonidan nisbatan qisqa vaqt ichida xalqaro va mintaqaviy munosabatlarni rivojlantirish, barqaror rivojlanishni taʼminlash kabi yoʻnalishlarda erishilgan ijobiy natijalarga yuqori baho berdi.

    Markaziy Osiyo bilan 2022-2025-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi doirasida Agentlik tomonidan 240 million dollar ajratilishi eʼlon qilindi. Tomonlar hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini muhokama qilib, yangi hamkorlik dasturi doirasida ishlab chiqish uchun eng istiqbolli loyihalarni koʻrib chiqdilar.

    Shuningdek, kasb-hunar taʼlimi va Zaravshan daryosi havzasida suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish yoʻnalishlari boʻyicha umumiy qiymati 31,7 million dollarlik 2 loyihani amalga oshirishni jadallashtirish yuzasidan qoʻshma chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olindi.

    Tadbir yakunida ustuvor yoʻnalishlarda moliyaviy-texnik hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha navbatdagi tadbirlar kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.