Siemens Energy bilan birgalikda yangi qoʻshma tashabbuslar ishlab chiqildi

    Energetika 1 Iyun 2023 1102

    Joriy yil 31mayda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Sarvar Xamidov Siemens Energy kompaniyasining Yevropa mintaqasi boʻyicha prezidenti Ariyel Porat bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi. Jumladan, umumiy qiymati 3,4 milliard yevro boʻlgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi. Ular qatorida Surxondaryo viloyatida bugʻ-gaz elektr stansiyasini, “Navoiazot” aksiyadorlik jamiyati negizida fotoelektr va issiqlik elektr stansiyalarini qurish loyihalari ham bor.

    Bundan tashqari, uchrashuvda raqamlashtirish, metallurgiya, elektrotexnika, vodorod energetikasi, neft-gaz sanoatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari belgilab olindi.

    Muzokaralar yakunlariga koʻra, aniq investitsiya loyihalari, ularni amalga oshirish boʻyicha bosqichma-bosqich mexanizmlari va muddatlarini oʻz ichiga olgan qoʻshma “Yoʻl xaritasi”ni tasdiqlashga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.