Gap shundaki, Karmana tumani Cho'tqara massivida istiqomat qiluvchi fuqaro fuqaro Sh.Rahmonov xonadonini ta'mirlatish maqsadida Navoiy shahrida joylashgan “Farhod mebel Navoiy” oilaviy korxonasi bilan og'zaki shartnoma qilib, xizmat uchun 4 million so'mni “qo'li gul ustalarga” oldindan beradi.

Ammo ishlar yakuniga etgach, sifatsiz ta'mirlangani sababli devor suvoqlari ko'chib tusha boshlagan. Shundan so'ng, fuqaro Navoiy shahar jamiyatiga murojaat qilishga majbur bo'ladi.

Murojaatni o'rganish jarayonida holatlarga aniqlik kiritildi, xizmat ko'rsatuvchi tomonga fuqaroning iste'molchi sifatidagi huquqlari, xizmat ko'rsatuvchining majburiyatlari to'g'risida amaldagi qonunchilik talablari tushuntirildi. Tushuntirishlar foyda bermagach, fuqaroning qonuniy huquqini himoya qilish maqsadida sudga da'vo arizasi kiritildi.

Sud sifatsiz ish uchun oldindan to'langan 4 million so'm mablag'ni qaytarish va sud xarajatlarini javobgar – “Farhod mebel Navoiy” tomonidan undirilishi to'g'risida qaror qabul qildi.

– Iste'molchining huquqini himoya qilish burchimiz, – deydi Navoiy shahar iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi R.Pardayev. – Shu bois, “Iste'molchi doimo haq” tamoyili faoliyatimizning asosiy mezoni hisoblanadi.