Yig‘ilishda so‘z yuritilgan yo‘nalishlardan biri — sil kasalligining oldini olish borasida samarali, aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar tizimli ravishda bajarilayotganini ta’kidlash joiz. Holbuki, 2000-yillar boshida ftiziatriya xizmati og‘ir ahvolga kelib qolgan edi. Silga qarshi kurash muassasalari xaroba holatda, moddiy-texnik bazasi eskirgandi. Mazkur vaziyatda nafaqat bemorlar, balki og‘ir mehnat sharoitida ishlagani tufayli tibbiyot xodimlari ham qiynalganini inkor eta olmaymiz.

Sil bilan kasallanganlar shifoxonalarda yillab yotar, o‘tgan asrda kashf qilingan atigi 4 xil dori (rifampisin, izoniazid, etambutol va pirazinamid) bilan davolanar, kuchsiz laboratoriya tizimi sababli kasallikning rezistent turlarini aniqlashga 4 oydan ziyod vaqt ketardi. Natijada kasallikning turli shakllari bilan og‘rigan bemorlar bir palatada davolanishga majbur edi. O‘sha vaqtlari o‘pka kasalliklari skriningi faqat flyuorografiya va mikroskopiya usullari yordamida o‘tkazilgan. Bu esa kasallikni erta bosqichida aniqlash imkoniyatini pasaytirib yuborgandi.

So‘nggi yillarda yurtimizda silga qarshi kurashda sezilarli natijalarga erishildi. Davlat va xalqaro hamkorlar dasturlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilgani 2021 yilda 2016 yildagiga nisbatan sil bilan kasallanish ko‘rsatkichini 23, o‘lim ko‘rsatkichini esa 64,3 foiz kamaytirish imkonini berdi.

Bu borada Prezidentimizning 2019 yil 13 fevraldagi “Ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya yordami ko‘rsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi ham sezilarli samarasini ko‘rsatdi. Kasallanganlarning umumiy soni 2 ming kishiga kamaydi.

Qarorga binoan, sil va o‘pkaning nospesifik kasalliklari oldini olish borasida zamonaviy innovasion usullar amaliyotga tatbiq etila boshladi. Silga qarshi kurash tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan multidissiplinar guruhlar tomonidan bemorlarni ruhiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida muolajani oldinroq tugatish muddati ikki barobar qisqardi. 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasida, keyinchalik boshqa tibbiyot oliy ta’lim muassasalarida ftiziatriya va pulmonologiya mutaxassisligi bo‘yicha magistratura va klinik ordinaturada mutaxassislar tayyorlash davlat granti asosida amalga oshirilmoqda. Sil kasalligiga moyil (xavf guruhidagi) shaxslar orasida immunodiagnostika tadbirlari o‘tkazildi. Natijada xavfli guruhga kiruvchi 12 ming kishida silning latent shakli aniqlanib, profilaktik muolaja bilan to‘la qamrab olindi.

JSSTning so‘nggi tavsiyalariga muvofiq, 2020-2021 yillarda sil va latent tuberkulyoz infeksiyasini tashxislash, davolash, oldini olish bo‘yicha milliy klinik bayonnomalar yangilandi hamda 2021-2022 yillarda sohadagi mingdan ortiq mutaxassis qayta o‘qitildi.

Ftiziatriya tizimidagi muassasalar mutaxassislari malakasini oshirish va ularga qulaylik yaratish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va uning hududiy 10 ta bo‘linmasida xalqaro standartlarga asoslangan teletibbiyot usulida masofadan turib innovasion o‘qitish va monitoring markazlari tashkillashtirildi.

Chet el va davlat dasturlarini samarali amalga oshirish natijasida so‘nggi 5 yilda sil bilan kasallanganlarning davolanish samaradorligi 92 foizni tashkil etdi. Sil kasalligi tarqalishining oldini olish maqsadida har yili chaqaloqlarni BSJ bilan emlash 97-99 foiz bajarilmoqda.

Bu yil hududlarda o‘tkazilgan tibbiy ko‘riklarda 5,1 ming bemor aniqlanib, ularning 225 nafarida jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Bu jarayonda yuqori texnologiyaga asoslangan amaliyot ulushi 91,6 foiz bo‘lganini ta’kidlash joiz. Teletibbiyot orqali 175 nafar og‘ir bemorga konsilium maslahat va tavsiyalar berildi. 206 bemorning yashash joyida yuqori texnologik jarrohlik orqali muolaja olishiga sharoit yaratildi. JSSTning Yevropa mintaqasi uchun sil kasalligiga qarshi kurash rejasini amalga oshirish maqsadida shu yilning 21-24 noyabr kunlari Istanbul shahrida o‘tkazilgan katta formatdagi yig‘ilishda mamlakatimiz Sog‘liq ni saqlash vazirligi hamda silga qarshi kurash dasturining yetakchi mutaxassislari qatnashdi.

Ushbu nufuzli anjumanda kelgusi yili sentyabrda AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining sil kasalligi bo‘yicha oliy darajadagi majlisiga O‘zbekistonda silga qarshi kurashda erishilgan yutuqlarni inobatga olgan holda, Polsha bilan birga yurtimiz vakili hamrais bo‘lishi e’lon qilindi.

Bajarilgan ishlar ko‘lami qanchalik keng bo‘lmasin, sil kasalligi tarqalishining oldini olish va barqaror sanitariya-epidemiologik vaziyatni saqlash vazifasi har qachongidan dolzarb. Zero, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda koronavirus pandemiyasi sababli yurtimizda o‘pka kasalliklari bo‘yicha dispanser nazoratidagi bemorlar soni 18 foiz oshgan. Hududlarda tuberkulyoz bo‘yicha 5 xil yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga talab bo‘lsa-da, bu xizmat faqat Toshkent va Nukus shaharlarida to‘liq yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur holatlar sohadagi ishlarga yanada jiddiy va mas’uliyat bilan yondashish zarurligini ko‘rsatadi.

Yig‘ilishda sil infeksiyasining molekulyar-genetik diagnostikasini, yashirin infeksiyasi bor bemorlarni aniqlash va profilaktik davolash qamrovini oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, Prezidentimiz kelgusi yildan boshlab “O‘pka salomatligi” mobil brigadalarini tashkil etib, chekka hududlarda yashovchi aholini skrining tekshiruvlardan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Mazkur vazifalardan kelib chiqib, qator ishlarni rejalashtirganmiz.

Jumladan, mahalliy texnik resurslardan va mavjud uskunalardan foydalangan holda “O‘pka salomatligi” mobil brigadalari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda “Isuzu” rusumli mikroavtobuslarga zamonaviy PSR, mobil rentgen, spirometr, elektrokardiograf uskunalari o‘rnatiladi hamda olis va chekka hududlarda yashovchi aholi o‘pka kasalliklari bo‘yicha tibbiy skriningdan o‘tkaziladi.

Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda “Astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi maktablari” tashkil etiladi. Ularda o‘pka kasalliklariga chalingan bemorlarga hayot sifatini yaxshilash, kasallik zo‘rayishining oldini olish choralari o‘rgatib borilishi ko‘zda tutilgan.

Ilk bor o‘pkaning noinfeksion kasalliklarini erta aniqlash maqsadida 35-60 yoshli aholi o‘rtasida skrining anketalash dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq qilinishi rejalashtirilyapti.

Har bir viloyat hokimi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida alohida “yo‘l xaritalari” imzolanib, topshiriqlar mahalla, tuman, shahar, viloyat hamda respublika darajasida muayyan tartibda amalga oshirilishi rejalashtirildi.

Nargiza PARPIYEVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya

ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori