"Silk Avia" aviakompaniyasining yangi samolyoti Toshkentda kutib olindi

    16-fevral kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:00da “Silk Avia” mintaqaviy aviakompaniyasining to‘rtinchi samolyoti Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

    An'anaga ko'ra, samolyot suv arkasi bilan tantanali ravishda kutib olindi. Aeroportda samolyot va uning ekipajini “Uzbekistan Airports”, “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Helicopters” va “Silk Avia” aviakompaniyalari vakillari, shuningdek, jurnalistlar va aviaspotterlar kutib oldi.

    Yangi ATR 72-600 samolyoti Tuluzadagi (Fransiya) ATR zavodidan poytaxt aeroportiga, Istanbulda (Turkiya) texnik toʻxtashni amalga oshirib, yetib keldi. Yaqin kunlarda samolyot aviakompaniya maxsus livreyasiga bo'yalgach muntazam parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

    "Silk Avia" — bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan mintaqaviy "loukoster" aviakompaniya bo‘lib, parvozlarni 2023-yil 25-aprelda boshlagan.