Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga koʻra, suhbat chogʻida asosiy eʼtibor ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalariga qaratildi.
Xususan, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Singapur tomoni oʻzaro tovar ayirboshlash doirasini kengaytirish va hajmini oshirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni koʻrishga tayyorligini taʼkidladi.
Joriy yilning sentyabr oyida Singapurda “Made in Uzbekistan” koʻrgazmasini oʻtkazish masalasi kelishib olindi. Bu ikki davlat oʻrtasidagi sanoat kooperatsiyasi salohiyatini ochib berish, qoʻshma investitsiya loyihalari portfelini kengaytirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, oʻzaro munosabatlarning boshqa dolzarb masalalari, jumladan, taʼlim sohasidagi sheriklik aloqalarini rivojlantirish, ikki davlat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni qayta tiklash imkoniyatlari va Singapur tajribasi asosida Oʻzbekistonda “Aqlli shahar” qoʻshma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan barcha kelishuvlarni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish boʻyicha bosqichma-bosqich qoʻshma harakatlar rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.