Singapurning yetakchi turkompaniyalari va OAV vakillari Oʻzbekistonda

    Turizm 23 May 2023 1946

    Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Singapurning sayyohlik agentliklari milliy assotsiatsiyasi (NATAS) boshchiligida Singapurning yetakchi sayyohlik kompaniyalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari uchun info-tur tashkil etilyapti.

    Taʼkidlash joizki, Singapur Janubiy Osiyo mintaqasining eng boy davlatlaridan biri boʻlib, har yili millionlab sayyohlar chet el davlatlariga safarga chiqadi. Singapurning ob-havosi yil boʻyi iliq boʻlganligi hamda togʻ zonalari mavjud boʻlmaganligi sababli aksariyat singapurliklar Yaponiya, Janubiy Koreya va Yevropa mamlakatlarining togʻ-changʻi kurortlariga sayohat qiladi.

    Bu borada Oʻzbekistondagi “Amirsoy” kabi umummavsumiy togʻ-changi kurorti hamda yaqin davr mobaynida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan Chorvoq-Chimyon hamda Zomin togʻ-changʻi kurortlari singapurlik sayyohlarda qiziqish uygʻotyapti.

    Delegatsiyaning birinchi manzili ham aynan “Amirsoy” umummavsumiy togʻ- changʻi kurorti boʻlib, mehmonlar ushbu kompleksdagi infratuzilma obyektlari bilan yaqindan tanishdi.

    Singapurning yirik turoperatorlaridan biri “EU Holidays” direktori janob Vongning taʼkidlashicha, ushbu kompleksdagi yaratilgan sharoitlar Yaponiya yoki Janubiy Koreyadagi togʻ-changi kurortlaridan qolishmaydi va narx jihatidan ancha arzon. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlar bilan tanishish esa singapurlik mehmonlar sayohatini yanada qiziqarliroq oʻtishiga yordam beradi.

    Delegatsiya vakillari joriy yil 20-mayda Samarqand viloyatiga tashrif buyurdi. Tashrif davomida ular “Goʻri Amir”, “Registon” majmui, “Shoxi Zinda” kabi turistik obyektlar va shu bilan birga MICE turizmga mos keladigan “Silk Road Samarqand” turistik kompleksi bilan tanishishdi.

    Singapurning “Pegasus Travel Management” turistik kompaniyasining direktori janob Ch.Tan tomonidan ushbu kompleksda joylashgan besh (5*) va (4*) yulduzli mehmonxonalar xorijiy tadbirkor va biznesmenlar uchun qulayligi hamda ushbu kompleksda yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligi eʼtirof etildi.

    Dasturga muvofiq, delegatsiya aʼzolari Buxoro va Xiva shaharlariga ham tashrif buyurdi hamda ularning ertaga 24-mayda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Oʻzbekiston-Singapur biznes forumida ishtirok etishi rejalashtirilyapti.

    Biznes forum doirasida Singapur turizm kengashi hamda Singapurning sayyohlik agentliklari milliy assotsiatsiyasi (NATAS) bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumlarini imzolash kutilyapti, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.