“SINOMACH International” kompaniyasi bilan Oʻzbekiston va Xitoyda qoʻshma koʻrgazmalar oʻtkazishga kelishildi

    Biznes 24 Oktabr 2024 223

    Joriy yil 23-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Xitoyning “SINOMACH International” kompaniyasi raisi Sya Vendi bilan uchrashdi. Uchrashuvda xalqaro koʻrgazmalar tashkil etish va sarmoyalarni jalb etish boʻyicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama etildi.

    “SINOMACH International” Xitoyning yirik sanoat xoldinglaridan biri boʻlgan SINOMACH (China National Machinery Industry Group) xoldingining shuʼba korxonasi boʻlib, Xitoyda ham, xorijda ham yirik koʻrgazmalar tashkil etish va oʻtkazishga ixtisoslashgan. Kompaniya har yili 3 million kvadrat metrdan ortiq maydonlarni qamrab olgan turli oʻlchamdagi 50 dan ortiq koʻrgazmalar tashkil etadi va xalqaro tasnifga koʻra 50 ta eng yaxshi koʻrgazma tashkilotchilari roʻyxatiga kiritilgan.

    Uchrashuv davomida tomonlar oʻzaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston va Xitoyda qoʻshma koʻrgazmalar tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Ixtisoslashtirilgan koʻrgazmalar oʻtkazish boʻyicha tajriba almashish muhimligi qayd etilib, investitsiyalar jalb etish va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik bildirildi.

    Oʻz navbatida, Sya Vendi Oʻzbekiston bilan hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdorligini aytib, kompaniya nafaqat texnologiyalar almashinuviga, balki ikki mamlakatda ishbilarmonlik faolligini ragʻbatlantirish va tadbirkorlar imkoniyatlarini kengaytirishga hissa qoʻshishi mumkin boʻlgan koʻrgazmalar tashkil etishda katta imkoniyatlarni koʻrishini taʼkidladi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar kelgusidagi hamkorlik formatini ishlab chiqdi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston va Xitoyda bir qator qoʻshma koʻrgazmalar oʻtkazish boʻyicha kelishuvga erishdi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.